Tsukerbergning meta olamida uzoq kutilgan o'zgarish

Tsukerbergning meta olamida uzoq kutilgan o'zgarish

Kecha bo'lib o'tgan Meta Connect taqdimotida Mark Tsukerberg Horizon virtual olami avatarlarini oyoqlar qo'shilgan holda namoyish qildi. Ta'kidlash joizki, shu paytgacha avatarlar oyoqlarsiz shunchaki havoda muallaq turishar edi, ammo keyingi yildan boshlab, Meta foydalanuvchilarga o'z avatarlariga oyoqlar qo'shish imkonini beradi.

"Avatarlar uchun oyoqlar, ehtimol, bizdan eng ko'p talab qilingan xususiyat bo'ldi" deydi Meta rahbari Mark Tsukerberg yangi avlod avatarlarni namoyish qilar ekan. "Lekin jiddiy tarzda aytish kerakki, oyoqlar qo'shish juda qiyin, shu sabab ham boshqa virtual reallik tizimlarida ham u mavjud emas."

Ma'lum bo'lishicha, VR qurilmalari tizza yoki oyoqlar kabi narsalarning qayerdaligini kuzatishi qiyin bo'lgani uchun kompaniya butun tanaga ega bo'lmagan avatarlar bilan ish boshlashga to'g'ri kelgan. Kuzatish texnologiyalari takomillashgani sababli, qo'llar harakatini aniqlash ancha yaxshilangan. Tsukerbergning qo'shimcha qilishicha, oyoqlar to'silib qolishi mumkinligi sababli ham ularni kuzatish qiyin: masalan, agar oyoqlaringiz stol ostida bo'lsa, VR uni ko'ra olmaydi, chunki stol qurilmadagi kameralar ko'rishini to'sib qo'yadi. Shuning uchun, Meta kompaniyasi oyoqlarni tasvirlash uchun butun tana holatini taxmin qila oladigan AI modelini yaratgan.

Avatar oyoqlari birinchi bo'lib Meta'ning Horizon ijtimoiy VR platformasiga keladi, ammo ular aniq qachon qo'shilishi noma'lum. Aytish kerakki, Connect tadbiri davomida ular tabiiy ravishda harakat qilganini ko'rish mumkin, ammo bu oldindan yozib olingan video bo'lgani uchun oyoqlar haqiqatda qanday ishlashi haqida biron nima deyish qiyin. 

Meta nafaqat oyoqlar ustida, balki avatar bilan bog'liq bir qancha yangi xususiyatlar ustida ham ishlamoqda. Masalan, kompaniya fotorealistik avatarlarni yaratishni o'rganmoqda. Shuningdek, siz avatarlarni Reels videolaringizga ham qo'shishingiz, Messenger va WhatsApp'da (hatto Zoom'da ham) ulardan video chatlarda o'zingizni ifodalash uchun foydalanishinigiz mumkin bo'ladi. Qolaversa, Meta shu yil oxirida VR'da avatar do'konini ishga tushirishni ham rejalashtirmoqda, shunda siz kiyim va o'ziga xos tashqi ko'rinishlarni xarid qila oladigan bo'lasiz.

O'QING: WhatsApp o‘zining yangi funksiyalarini 3D bilbordda ko‘z-ko‘z qilyapti

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!