Tugmachali telefonlar bozori: Nokia ikkinchi o‘rinda, unda yetakchi kim?

  •   DiMaX
  •  2919
  •  10.12.2020 17:25

Tugmachali telefonlar bozori: Nokia ikkinchi o‘rinda, unda yetakchi kim?

Sensor ekranli smartfonlar ommalashib ketganiga ancha bo‘ldi, lekin an’anaviy – tugmachali telefonlar haliyam keng iste’molda. Ular asosan rivojlanayotgan mamlakatlarda ko‘proq sotilyapti, lekin an’anaviylik tarafdorlari butun dunyoda mavjud.

O‘QING: Apple bosh aksioneri ham, nihoyat, Samsung tugmachali telefonini tashlab iPhone oldi, lekin...

2020 yilning uchinchi choragida smartfonlar bozorida liderlik qilayotgan Samsung kompaniyasi tugmachali telefonlar bo‘yicha uchinchi o‘rinda ketmoqda. Counterpoint Research hisobotiga ko‘ra, u 7,4 milliondan ortiq shunday gadjet sotgan, dunyo bozorida sotilgan oddiy telefonlarning 10 foizi uning mahsuloti ekan. Tecno kompaniyasi ham xuddi shunday ko‘rsatkichlarga ega. Samsung uchun Hindiston bozori muhim: u yerdagi tugmachali telefonlar bozorining 18% qismi shu kompaniyaga qarashli.

Odatda tugmachali telefon haqida gap ketganda, birinchi o‘rinda Nokia brendli qurilmalar yodga tushadi. Lekin ularni ishlab chiqarayotgan HMD Global kompaniyasi tugmachali telefonlar sotish bo‘yicha jahon bozorida 14 foizlik ulush bilan ikkinchi o‘rinda.

Mazkur bozorda yetakchilik esa iTel kompaniyasiga tegishli – 2020 yilning 3-kvartali mobaynida dunyoda sotilgan klavishli telefonlarning 24 foizini u ishlab chiqargan.

Umuman olganda, yakuniga yetayotgan yilning uchinchi choragida jami 74 millionta oddiy telefon sotilgan. Bu borada eng yirik bozorlar Afrika hamda Yaqin Sharq hisoblanadi. 2019 yilning shu davriga nisbatan tugmachali telefonlar savdosi 17 foizga pasaygan.

O‘QING: Nokia ikkita afsonaviy telefonini 4G-versiyada taqdim etdi (+videolar)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!