Twitter Blue endi O'zbekistonda!

Twitter Blue endi O'zbekistonda!

O'tgan yili Twitter'ni sotib olgandan so'ng Ilon Mask ijtimoiy tarmoqning mavjud pulli obunasi, Twitter Blue'ning afzalliklariga o'zgartirishlar kiritgan holda noyabr-dekabr oylarida qayta ishga tushirdi va shu kunga qadar u faqat 50 ga yaqin davlatlarda mavjud edi. Kecha esa Twitter o'zining Blue obunasi qo'llab-quvvatlanishi qamrovini butun dunyo bo'ylab kengaytirayotganligini e'lon qildi.

Shunday qilib, yangi Twitter Blue obunasi endi O'zbekistonda ham mavjud. Uning eng e'tiborli afzalliklaridan biri ko'k rangli tasdiqlanganlik belgisidir, ya'ni har bir Twitter Blue foydalanuvchisi ana shunday belgiga ega bo'ladi. Bundan tashqari Twitter Blue bilan siz endi o'z xatcho'plangan tvitlaringiz papkalarga ajratishingiz, Twitter ilovasi ikonkasini o'zgartirishingiz, NFT suratlarni profilingizga qo'yishingiz (ular oltiburchak shakldagi ramka ichida ko'rinadi), videolarni uzun va Full HD (1080p) formatda yuklashingiz, 4000 belgili uzun tvitlar yozishinigiz va tvitlaringizni tahrirlashingiz (tvit joylangan so'ng yarim soat ichida 5 marta) mumkin bo'ladi. Qolaversa, Twitter Blue egalari platformaga qo'shilayotgan yangi funksiyalarni oldindan sinab ko'rish imkoniga ega bo'lishadi. Shuningdek, tez orada ushbu obunaga qidiruvlarning yuqori qismida paydo bo'lish yoxud xalq tili bilan aytganda "rekka chiqish", hamda, reklamalarning 50 foizi o'chirilishi kabi xususiyatlar qo'shilishi kutilmoqda.

Twitter Blue obunasi O'zbekistonda ham oyiga 8 dollar, agar siz unga Twitter'ning veb-sahifasi orqali obuna bo'lsangiz. Agar Twitter Blue obunasini iOS yoki Android uchun Twitter ilovasi orqali sotib olmoqchi bo'lsangiz unda siz oyiga 11 dollar to'lashingiz kerak bo'ladi. Gap shundaki, Apple va Google kompaniyalari o'zlarining App Store va Play Store do'konlari orqali xarid qilingan har qanday mahsulot yoki obuna uchun ma'lum miqdorda komissiya olib qoladi – shuning uchun ham mobil ilovalarda Twitter Blue obunasi narxi qimmatroq. Ha, aytgancha, agar Twitter Blue obunasini yillik sotib olsangiz siz 12% chegirmaga ega bo'lasiz.

O'zining Twitter Blue obunasini global bozorga chiqarish bilan birga, Twitter eski qoidalarga ko'ra tasdiqlangan akkauntlar ko'k verifikatsiya belgilarini 1-apreldan boshlab olib tashlashini e'lon qildi. Uning o'rnini akkaunt turiga qarab oltin va kumush rangli tasdiqlanganlik belgilari egallaydi. Bunda oltin rangli verifikatsiya belgisi kompaniya va korxonalar uchun, kumush ranglisi esa hukumatlar, siyosiy partiyalar va ba'zi brendlar uchun, shuningdek, boshqa jamoat arboblari uchun beriladi.