Ubisoft bir nechta yangi Assassin's Creed o'yinlarini e'lon qildi!

Ubisoft bir nechta yangi Assassin's Creed o'yinlarini e'lon qildi!

Sentabrning ilk kunida Ubisoft rasman Assassin's Creed o'yinining navbatdagi qismi Mirage bo'lishini va uning posterini ulashgan edi, lekin bu shunchaki xamir uchidan patir edi xolos. Kecha bo'lib o'tgan Ubisoft Forward tadbirida esa kompaniya bir qancha boshqa yangiliklar bilan birga navbatdagi Assassin's Creed o'yinlarini ham e'lon qildi. 

Assassin's Creed: Mirage o'yinidan boshlaydigan bo'lsak, Ubisoft tadbir davomida yangi o'yinning kinematografik treylerini chiqardi. Ma'lum bo'lishicha, o'yinchilar ushbu o'yinda IX asrdagi Bog'dodga qaytishadi va Basim ibn Is'haq roliga o'tadilar. Agar siz Assassin's Creed: Valhalla o'yinini o'ynagan bo'lsangiz bu ism sizga tanish, yoxud Mirage o'yini Valhalla'dan 20 yillar avvalgi voqealarni o'z ichiga oladi.

Yangi o'yinda harakat-sarguzasht janriga qaytiladi, ya'ni Mirage'da yaqinda chiqarilgan AC o'yinlarida bo'lgani kabi RPG xususiyatlari emas, balki yashirinlik, parkur va assassinlik mujassamdir. Afsuski, Mirage'ning aniq chiqarilish sanasi mavjud emas, lekin Ubisoft uni 2023-yilda Xbox Series X|S, Xbox One, PS5, PS4, kompyuterga chiqarilishi kutilmoqda.

Aytish kerakki, Mirage tadbir davomida ko'rsatilgan yagona Assassin's Creed o'yini emas. Ubisoft franshizaning kelajakdagi yana bir nechta katta o'yinlarini ham e'lon qildi.

Ularning biri "Red" (qizil) kod nomli o'yin bo'lib, u Ubisoft'ning Quebec studiyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Berilgan ma'lumotlarga ko'ra, voqealar Yaponiyaning feodal davrida sodir bo'ladi va u ko'proq RPG'lashgan bo'ladi.

Shuningdek, kompaniya "Hexe" kod nomli yana bir Assassin's Creed o'yinini ham taqdim qildi. Ushbu o'yin esa Ubisoft'ning Montreal jamoasi tomonidan tayyorlanayotgan bo'lib, hozircha u qanday bo'lishi haqida ma'lumotlar mavjud emas, lekin treylerdan o'yinga jodugarlik aralashganligini ko'rish mumkin.  

Ushbu ikki asosiy o'yinlar seriyasi kelajakda Assassin's Creed Infinity platformasiga joylanadi, ya'ni Infinity bo'lajak AC o'yinlariga kirish markazi sifatida xizmat qiladi, shu bilan birga, Infinity doirasida Invictus kod nomli xususiyat o'yinchilarga ko'pchilik bo'lib o'ynash imkonini qaytarib beradi.

Bulardan tashqari, Ubisoft yana bir Assassin's Creed bepul o'yini smartfonlar uchun chiqarilishi ham ma'lum qildi. Kod nomi "Jade" bo'lgan ushbu o'yin voqealari qadimgi Xitoyda bo'lib o'tadi. Ta'kidlanishicha, unda o'yinchilar o'z qahramonlarini sozlashlari, Buyuk Xitoy devori bo'ylab parkur qilishlari mumkin bo'ladi.

Qo'shimchasiga, Ubisoft kompaniyasi Netflix'ning mobil geyming xizmati uchun eksklyuziv bo'lgan yana bir Assassin's Creed o'yinini chiqarishi ma'lum bo'ldi. Hozirda, ikki kompaniya Assassin's Creed'ga asoslangan serial ustida ham ishlashmoqda.

O'QING: iPhone 14 modellariga oldindan buyurtma berish boshlandi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.