Uch kunda ikkinchi yangi smartfon: Poco X3 GT taqdim etildi! (+anboksing videosi)

  •   DiMaX
  •  1843
  •  29.07.2021 12:06

Uch kunda ikkinchi yangi smartfon: Poco X3 GT taqdim etildi! (+anboksing videosi)

Xiaomi korporatsiyasining Poco subbrendi kuni kechagina – 26 iyulda Poco F3 GT smartfonini namoyish qilgan edi. Oradan ikki kun o‘tib, ya’ni 28 iyul sanasida u Xiaomi Poco X3 GT rusumli telefonining ham taqdimotini o‘tkazdi.

O‘QING: Xiaomi smartfoni Android 11 bazasidagi MIUI 12.5'ga o‘tyapti

Esingizda bo‘lsa, Redmi brendi Hindiston bozoriga taqdim etgan o‘ninchi avlod fabletlari oilasiga uchta model kirgan: standart Redmi Note 10 smartfoni, uning Redmi Note 10 Pro versiyasi hamda yanada ilg‘or Redmi Note 10 Pro Max flagmani. Lekin ular jahon bozoriga sal boshqacharoq nomlar bilan chiqqan: global Redmi Note 10 Pro modeli hindcha Redmi Note 10 Pro Max bilan bir xil. Undan ham keyin Xitoy bozori uchun taqdim etilgan Redmi Note 10 Pro esa na global bozorga va na Hindistonga mo‘ljallab shu nomda chiqarilgan smartfonga o‘xshamaydi. Uning tashqi qiyofasi ko‘proq Xiaomi Mi 10 Ultra va Xiaomi Mi 10S flagmanlarini eslatadi. Xullasi kalom, kecha Poco X3 GT nomi ostida namoyish qilingan qurilma o‘sha xitoycha Redmi Note 10 Pro modelining global bozorga mo‘ljallab rebrending qilingan kloni bo‘lib chiqdi.

Smartfon diagonaliga 6,6 dyuymlik, Full HD+ formatida tasvir uzatuvchi IPS-ekranga ega. Ustiga baquvvat Gorilla Glass Victus himoya shishasi yotqizilgan displeyning asosiy afzalligi – 120 gersgacha chastotada kadr yangilanishini qo‘llab-quvvatlashidir.

O‘QING: Kuchli texnik jihatlarga ega, narxi 200 dollarga ham bormaydigan Redmi smartfoni taqdim etildi

Poco X3 GT bosh kamerasi 64 + 8 + 2 megapiksellik, old kamerasi esa 16 megapiksellik datchiklardan iborat. Smartfonni qulfdan chiqarish uchun selfi-kameraga Face Unlock tizimi joriy etilgan, yana korpusning o‘ng qirrasiga daktiloskop ham o‘rnatilgan.

Qurilma apparat ta’minoti asosini 6 nanometrlik texnologik jarayon bo‘yicha tayyorlangan Dimensity 1100 protsessori tashkil etgan. Poco X3 GT tezkor xotirasi 8, doimiy xotirasi esa 125 hamda 256 gigabaytlik variantlarda, tegishlicha 299 dollar hamda 329 dollarga teng narxlarda taklif etiladi. Aytish kerakki, Redmi Note 10 Pro ham Xitoyda shu narxdan sotilmoqda.

Internetda allaqachon Poco X3 GT modelining anboksing videolari ham tarqalib ulgurgan:

Poco X3 GT akkumulyatori 5000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega bo‘lib, 67 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Yangi smartfonda yana stereodinamiklar, NFC chipi, infraqizil port, USB-C tirqishi, Wi-Fi hamda Bluetooth interfeyslari mavjud. Kompaniya uni Android 11 operatsion tizimi ustiga qurilgan MIUI 12.5 proshivkasi bilan chiqaryapti.

Xiaomi, Redmi, Poco va Black Shark smartfonlarining global proshivka, global versiya va xitoycha versiyalari, ularning o‘zaro farqi haqida esa mana bu maqolamizdan batafsil ma’lumot olasiz.

O‘QING: MIUI 13'ni kutib o‘tirish shart emas: undagi zo‘r funksiyani Xiaomi hozirdanoq tarqatmoqda

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.