Uchta ommabop jangari o‘yinni 8 sentyabrdan o‘ynay olmaysiz, agarda...

  •   DiMaX
  •  1260
  •  06.08.2021 14:04

Uchta ommabop jangari o‘yinni 8 sentyabrdan o‘ynay olmaysiz, agarda...

Microsoft korporatsiyasi o‘tgan yilning 14 yanvar kuni Windows 7’ning iste’molchilarga mo‘ljallangan versiyasini qo‘llab-quvvatlashni rasman to‘xtatgan. Garchi «janozasi o‘qigan» bo‘lsa-da, kompaniya uni butkul «dafn etish»ga shoshilmasdan, ikkinchi marta ham bepul yangilagan.

O‘QING: Windows 7 ishlatasizmi? Yana bitta noxush xabar bor...

Ishlab chiquvchi tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmayotgani bois, Windows 7 operatsion tizimi boshqaruvi ostidagi kompyuter va noutbuklar turli ziyonkor kodlarga, yangi viruslarga chidamsiz bo‘lib boradi. Shu boisdan ayrim o‘yinlar va dasturlar ijodkorlari o‘z mahsulotlarining mazkur tizimda ishlashini ham to‘xtatishmoqda.

Shu jumladan, taniqli o‘yinsoz – Activision kompaniyasi ham o‘z ishlanmalarining Windows 7 tizimida ishlashini xatarli, deb topdi. Ehtimoliy xavflarning oldini olish maqsadida u o‘zining Call of Duty turkumidagi uchta o‘yinini mazkur tizim uchun yopib qo‘ymoqda.

Activision kompaniyasining rasmiy xabariga ko‘ra, 7 sentyabrdanoq Call of Duty: Black Ops Cold War o‘yinini Windows 7 tizimli kompyuter va noutbuklarda ishga tushirib bo‘lmaydi.Ertasi kuni – 8 sentyabrdan esa Call of Duty: Modern Warfare hamda Call of Duty: Warzone o‘yinlarini ham shu qismat kutmoqda.

Ushbu o‘yinlar ishqibozlari o‘z kompyuter va noutbuklarida operatsion tizimni yangilashlari lozim bo‘ladi; Activision bunda Windows 10 talqinini tavsiya etmoqda.

O‘QING: Raqobatchilar tugul, iPhone ustidan hattoki ommabop o‘yin ijodkorlari ham kulishdi!