Uchta versiyada ROG Phone 5 taqdim etildi – geymerlar orzusi! (+video)

  •   DiMaX
  •  3221
  •  11.03.2021 12:22

Uchta versiyada ROG Phone 5 taqdim etildi – geymerlar orzusi! (+video)

ZTE korporatsiyasiga qarashli Nubia kompaniyasi o‘tgan haftada o‘zining yangi avlod o‘yin smartfonlarini namoyish qilgan edi. Ushbu turkumga Red Magic 6 hamda Red Magic 6 Pro modellari kirgan. Endi esa ASUS kompaniyasi ham yangi o‘yin smartfonlari taqdimotiga bag‘ishlangan onlayn tadbirini o‘tkazdi.

O‘QING: Yangi rekord: flagman atigi 12 daqiqada to‘liq quvvatlanib ulgurdi! («jonli» video)

Tayvanlik ishlab chiqaruvchining oldingi avlod o‘yin smartfoni ROG Phone 3 bo‘lsa, bu galgisi to‘rtinchi emas, balki biryo‘la beshinchi raqam bilan nomlangan. Sababi – ko‘plab Janubi-sharqiy Osiyo xalqlarida 4 soni o‘lim ramzi hisoblanadi va, xuddi g‘arbliklar 13 sonidan qo‘rqqanidek, ular 4 sonini qo‘llamaslikka harakat qilishadi.

Shunday qilib, ROG Phone 5 geymerofonlari oilasiga uchta vakil kirgan ular o‘zaro xotira modifikatsiyalari hamda qo‘shimcha ekrani mavjudligiga ko‘ra farqlanadi. Bazaviy talqindagi ROG Phone 5 modeli tezkor/doimiy xotirasi 8/128 GB, 12/256 GB va 16/256 GBlik variantlarda taklif etiladi. Uning orqa panelida RGB-yoritqichli logotip tushirilgan. ROG Phone 5 Pro flagmani 16/512 gigabaytlik xotira konfiguratsiyasiga ega bo‘lsa, ROG Phone 5 Ultimate versiyasi naq 18/512 GB xotiraga ega! Bundan tashqari, bu ikki model korpusining orqa paneliga qo‘shimcha – ROG Vision ekrani o‘rnatilgan. Bu displey kiruvchi qo‘ng‘iroq bo‘lganida va o‘yinlarni ishga tushirishda animatsiya ko‘rsatadi.

Har uchala geymerofonning qolgan barcha xususiyatlari bir xil – barchasi eng ilg‘or Snapdragon 888 protsessori bazasiga qurilgan. Smartfonlar avtonomligini har biri 3000 mA/soatlik bo‘lgan ikkitadan akkumulyatorlar ta’minlaydi. Batareyalar 65 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvatlana oladi.

Oldingi avlod ROG Phone’larda bo‘lgani kabi, bular korpuslarida ham ikkitadan USB-C portlari mavjud. Bir vaqtning o‘zida har ikkala port orqali quvvatlash yoki bittasi orqali monitor yoxud aksessuarlar ulash mumkin.

O‘QING: Nokia G10 – afsonaviy brendning birinchi o‘yinbop smartfoni!

ASUS ROG Phone 5 smartfonlari Samsung ishlanmasi bo‘lmish 6.78 dyuymlik AMOLED-displey bilan jiozlangan. Uning aniqligi FHD+ formatida, ekranda kadr yangilanishi 144 gerslik bo‘lsa, sensor qatlami 300 gerslik chastotada yangilanadi.

Displey HDR10+ texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, DCI-P3 rang qamrovini 111 foizga, sRGB rang qamrovini esa 151 foizga qoplaydi. Panelning maksimal yorqinligi 800 nit, uning ustiga eng mustahkam – Gorilla Glass Victus himoya shishasi yotqizilgan. Tag‘in barmoqlar silliq sirg‘alishi uchun shishaning ustiga ham maxsus qatlam qoplangan. Ekran atrofidagi romlar oldingi avlod smartfoniga nisbatan 25 foizga yupqalashtirilgan.

Kameralar masalasiga kelsak, ular ROG Phone 3 modelidagi bilan bir xil: 24 MPlik selfi sensori hamda 64 MP + 13 MP + 5 MPlik bosh kamera. Smartfon korpusida ESS Sabre ES9280AC Pro Quad quloqchini ulash uchun port, Cirrus Logic CS35L45 kuchaytirgichli stereodinamiklar mavjud. ASUS bu flagmanlarini modernizatsiyalashgan triggerlar va ekranosti daktiloskop bilan boyitgan. Qurilmalar egsh yangi – Android 11 operatsion tizimi asosida ishlaydi va biryo‘la ikkita – ROG UI hamda Zen UI grafik qobiqlari o‘rnatilgan.

Kompaniya standart ROG Phone 5 modelini shu oyda, uning Pro-versiyasini aprelda, Ultimate talqinini esa may oyida sotuvga chiqaradi. Geymerofonlarning narxlari quyidagicha:

  • ASUS ROG Phone 5 8/128 GB — 800 yevro
  • ASUS ROG Phone 5 12/256 GB — 900 yevro
  • ASUS ROG Phone 5 16/256 GB — 1000 yevro
  • ASUS ROG Phone 5 Pro 16/512 GB — 1200 yevro
  • ASUS ROG Phone 5 Ultimate 18/512 GB — 1300 yevro

Darvoqe, smartfonning bazaviy versiyasi Aero g‘ilofi hamda HyperCharger quvvatlagichi bilan birga yetkazib beriladi. Ikkita ilg‘or talqini jamlanmasiga esa bulardan tashqari AeroActive Cooler 5 kuleri ham qo‘shilgan.

ASUS’ning ta’kidlashicha, u smartfon korpusini 15, protsessorini esa 10 darajaga pasaytirib beradi.

O‘QING: Smartfon nega qizib ketadi? Mutaxassis telefonni saqlab qolish chorasini aytdi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!