O‘g‘irlangan smartfonni topsa bo‘ladi!

  •   DiMaX
  •  11631
  •  29.01.2017 17:55

O‘g‘irlangan smartfonni topsa bo‘ladi!

Deylik, smartfoningizni yo‘qotib yoki o‘g‘irlatib qo‘ydingiz. Xo‘sh, nima qilasiz? Agarda avvalroq unga smartfonni topishga yordam beruvchi maxsus dasturlarni o‘rnatib qo‘ygan bo‘lsangiz – hali umid bor. hi-tech.mail.ru sayti o‘g‘irlangan smartfondagi shaxsiy ma’lumotlarni qanday himoyalash va uning o‘zini topishga oid maslahatlarni berib o‘tgan.

O‘g‘rilar haqida

Yodda tuting: agar smartfoningizni qo‘lga kiritgan shaxs qurilmalarni yaxshi tushunadigan bo‘lsa, uni topishingiz va qaytarib olishingizga imkon qoldirmasligi mumkin. Ular orasida shunaqangi pixini yorganlari bo‘ladiki, smartfonni qo‘lga kiritishi bilan xotirasidagi hamma narsani, jumladan, himoya dasturlarini ham o‘chirib tashlab, uni ilk sozlamalari holatiga qaytarib oladi.

Himoya dasturlari

Bunday ilovalar juda ko‘p, ular orasidan birortasini tanlash esa o‘z ixtiyoringizda. Eng ommaboplaridan esa biz quyidagilarni ko‘rib chiqamiz: Apple kompaniyasi mahsulotlari uchun Find My iPhone, Android-smartfonlar uchun Cerberus/Androidlost hamda Windows Phone/10 mobile platformasidagi smartfonlar uchun Find My Phone dasturlari.

Qani, ketdik…

«Olmafon»ni oldirib qo‘ysangiz…

iPhone qurilmalarida standart Find My iPhone dasturi ishlashi uchun dastlab iCloud’da akkaunt yaratishingiz shart. Apple smartfoni iCloud akkauntiga chambarchas bog‘lanadi. Keyin esa, iPhone boshqa birovning qo‘liga tushib qolgan taqdirda ham, sizning elektron pochtangiz va parolingiz bo‘lmasa, uni hech nima qila olishmaydi.

Find My iPhone ilovasi yordamida smartfonni joylashuv o‘rnini aniqlash – geolokatsiya orqali (agar u yoqilgan bo‘lsa) kuzatish, ichidagi barcha ma’lumotlarni o‘chirib yuborish hamda uning ekraniga xabarlar chiqarish imkoniyati mavjud. Shuningdek, smartfonga ovoz signallarini ham yuborsa bo‘ladi.

Windows tizimidagi smartfonlarda-chi?

Microsoft kompaniyasi yaratgan operatsion tizim asosida ishlaydigan qurilmalar uchun standart himoya dasturi Find My Phone hisoblanadi. Biroq esda tuting: odatda batareya quvvatini tejash maqsadida bu funksiya o‘chirib qo‘yilgan bo‘ladi.

Ishlashiga ko‘ra u ham iPhone himoya dasturiga o‘xshab ketadi: geolokatsiya yordamida (albatta, u faol bo‘lsa) smartfonni ta’qib etish, qo‘ng‘iroq qilish, shuningdek qurilmani bloklash va undagi barcha ma’lumotlarni o‘chirib tashlash imkoniyati bor.

Android-qurilma o‘g‘irlansa…

Eng keng tarqalgan mazkur operatsion tizimdagi gadjetlarni himoyalashga mo‘ljallangan dasturlar ham juda ko‘p. Ular orasida Androidlost ilovasi butkul bepulligi va imkoniyatlari kattaligi bilan ajralib turadi.

Keling, o‘g‘irlangan smartfonni Androidlost yordamida topish holatini ko‘ramiz. Quyidagi lavhada bu ilovaning ishlashiga misol – masofadan turib smartfonda sirenani ishga tushirish ko‘rsatilgan.

Smartfonni olgan o‘g‘ri nima qilishi mumkin?

Qurilmani qo‘lga kiritgan shaxs, odatda, eng avvalo undagi internetni va geolokatsiyani o‘chirib qo‘yadi. Androidlost esa smartfon egasiga uni oddiy SMS-buyruqlar yordamida boshqarish imkonini beradi. Smartfonga bittagina qisqa xabar yuborib internetni, yana boshqasini jo‘natib esa – geolokatsiyani yoqish mumkin.

Qisqasi, mazkur ilova orqali gadjetingizni masofadan turib boshqarish imkoniyatlari endi o‘zingizning fantaziyangizga bog‘liq.

SIM-kartani almashtirishsa-chi?

Bunda ham topishning yo‘li bor: oldin o‘rnatilgan dastur orqali shaxsiy kabinetda o‘zingiz ko‘rsatgan qo‘shimcha raqamingizga xabar keladi; unda o‘g‘irlagan smartfoningizga qo‘yilgan SIM-kartaning raqami ko‘rsatilgan bo‘ladi.

Odatda o‘g‘ri darhol SIM-kartani almashtirib oladi, ammo siz mazkur dasturni o‘rnatgan bo‘lsangiz, uning quvonchi ko‘pga cho‘zilmaydi. Smartfoningizga o‘rnatilgan SIM-karta raqami haqida SMS-bildirishnoma olishingiz bilan unga qisqa xabarlar jo‘natish orqali qurilmada internet va geolokatsiyani yoqishingiz, noutbukni olib olgancha uni ta’qib etishingiz mumkin.

Androidlost yordamida yana nimalar qilish mumkin?

  • Dasturning shaxsiy kabineti orqali smartfonning joylashgan o‘rnini so‘rab olib, keyin bu ma’lumotni huquqni muhofaza qiluvchi idoraga taqdim etish;
  • Smartfonning old kamerasi orqali suratga tushirish;
  • Oxirgi kiruvchi va chiquvchi xabarlarni o‘qish;
  • Qo‘ng‘iroqlar jurnalini ko‘rish, diktofonga yozib olish;
  • Smartfondagi barcha fotosuratlarni o‘chirib tashlash.

Umuman olganda, bu ilovaning imkoniyatlari keng. Masofadan turib smartfoningiz ekraniga qandaydir xabarni chiqarish, uni bloklash yoki qurilmangizda baland ovozli sirenani ishga tushirish mumkin. Biroq yaxshisi – smartfonni egallab olgan kishi haqida ko‘proq ma’lumot to‘plash uchun, uni kuzatayotganingizni bildirmay turgan ma’qul.

Ba’zida o‘g‘irlangan telefoningizning o‘zidan ko‘ra, uning ichidagi ma’lumotlarimizga ko‘proq achinamiz. Agar smartfon butkul tozalanmagan bo‘lsa, ularni ham tiklash imkoni topiladi. Yoki, ichidagi shaxsiy ma’lumotlaringiz begonalar qo‘liga tushmasligi uchun smartfoningizni masofadan turib Androidlost yordamida tozalashingiz ham mumkin.

Shuningdek, mazkur ilova uy ichida smartfoningizni topa olmay qolganingizda ham qo‘l keladi. Agar tunda ovozsiz rejimga qo‘yib qo‘ygan telefoningizni ertalab topa olmay qiynalayotgan bo‘lsangiz, kompyuter orqali Androidlost dasturidagi shaxsiy kabinetga kirib sirenani yoqasiz – olam guliston.

Xo‘p, lekin smartfonni qanday qaytarib olamiz?

Ha, chindanam, shu usullar bilan smartfoningizni topdingiz, ichiga boshqa SIM-kartani joylab, bemalol ishlatayotgan shaxsning telefon raqamiyu keyingi ikki kun ichida qaysi raqamlar bilan gaplashganigacha aniqladingiz, xo‘sh, keyin-chi?

Avvalo, unga kutilmagan qo‘ng‘iroqni amalga oshirib, telefoningizni yaxshilikcha qaytarishini so‘raysiz. Tan olgisi kelmasa – yuqoridagi ma’lumotlarni aytasiz; o‘zining oxirgi qo‘ng‘iroqlariyu SMS-xabarlari matnini, keyingi ikki kunda qayerlarda bo‘lganligini aytib bersangiz, vahimaga tushib qolishi aniq. Smartfonni qaytarib bermasa ichki ishlar idoralariga xabar berishingizni, uni kuzatishda davom etayotganingizni aytsangiz, darrov qaytarib berishga rozi bo‘ladi. To‘g‘ri, keyin u sizdan kechirim so‘rashi, telefonni topib oldim, deb o‘zini oqlashga urinishi mumkin. Buyog‘i endi uning vijdoniga va sizning ixtiyoringizga bog‘liq.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!