Ulo yoqimtoy o‘yinchoqmi yoki genial kashfiyot?

Ulo yoqimtoy o‘yinchoqmi yoki genial kashfiyot?

Smartfonlar yangidan-yangi funksiyalari va imkoniyatlari bilan bizni hayratlantirishdan to‘xtamayapti. Ammo smartfondan butunlay farq qiluvchi yangi qurilmada og‘izni lang ochishga majbur qiluvchi funksiyalar bo‘lsa-chi.

Tanishing – Ulo. Kattaligi tuxumday keladigan xavfsizlik kamerasi ajabtovur boyo‘g‘li ko‘rinishida ishlangan. Boyo‘g‘li tushmagur ko‘zini pirpirata oladi, ola-kula qiladi. Shu xolosmi? Yo‘q, albatta.

Boyo‘g‘lining ko‘zlari LCD ekrandir, qorachig‘i kattaligini va ko‘z nurini maxsus ilova yordamida o‘zgartirish mumkin. Ammo boyo‘g‘licha xufyona posbonlik vazifasini ham bajara oladi. Undagi kamera (asli o‘yinchoq boyo‘g‘lida kamera borligini o‘g‘ri tush ko‘ribdimi) zarur holatda ob’yekt harakatini aniqlab, videoga olishi va elektron pochtangizga jo‘natishi mumkin. Buyrug‘ingizga ko‘ra suratga oladi. Ko‘pgina rejimlarga ega. Faqat bino ichiga emas, ko‘chaga ham o‘rnatish mumkin.

Yomg‘ir yog‘adigan bo‘lsa, ko‘zini yumib oladi yoki kun davomida rangini o‘zgartirib turadi.

Aslida, kamera uning shaffof tumshug‘ida. Tumshuq yuzasi oyna, yig‘uvchi linza hisobida ishlaydi. Pastroqda mikrofon, Uloning oriyentatsiya oluvchi va harakatni aniqlovchi datchiklari bor. Wi-Fi modul va litiy-polimer akkumulyatorni USB-port yoki rozetkadan zaryadlasa bo‘ladi. Kamera zaryadi oz qolsa, boyo‘g‘lining ko‘zlari mudrab qoladi. Zaryadi, taxminan, ikki kunga yetadi.

Marhamat, tomosha qiling.

Uloni istalgan joyga o‘rnataverasiz – tagligini gorizontal yoki vertikal sirtga to‘rtta magniti bilan yopishtirish kifoya. Unga esa yana magnit yordamida kamerani mahkamlaysiz. To‘g‘ri, bu qurilmani ko‘chada o‘g‘irlab ketishlari mumkin, ammo zukko o‘g‘ri bu matoh kamera ekanligini avval bilishi kerak, qolaversa, o‘g‘rining rasmini darhol egasining elektron pochtasiga jo‘natadi.

Boyo‘g‘li tez orada 199 yevro narx bilan sotuvda paydo bo‘ladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!