Ultra tovushli barmoq izi skaneri qanday ishlaydi?

Ultra tovushli barmoq izi skaneri qanday ishlaydi?

Bir necha kun oldin eng ko‘p tarqalgan optik barmoq izi skaneri haqida so‘z yuritgan edik. Bu safar esa ultra tovushli barmoq izi skaneri bilan tanishamiz. 

Smartfon industriyasiga eng so‘nggi bo‘lib kirib kelgan barmoq izini skanerlash texnologiyasi bu - ultratovush sensor hisoblanadi. U birinchi marta 2016 yilda Le Max Pro smartfoniga o‘rnatilgan. 

Ushbu skaner ko‘p jihatdan Qualcomm va Sense ID texnologiyasi bilan bog‘liq. 

Hozirda Qualcomm ultra tovushli barmoq izi skanerini ikkinchi avlodini ishlab chiqarmoqda. Yangi avlod kattaroq barmoq izini olish maydoni va yuqori tezlikni taqdim etadi. 

Barmoq izi tafsilotlarini aniqlash uchun sensor ultratovush uzatuvchi va uni qabul qiluvchi apparatlaridan foydalanadi. 

Ultrasonik impuls skaner ustiga qo‘yilgan barmoqqa qarab yo‘naltiriladi. Impulsning bir qismi esa har bir barmoq iziga xos bo‘lgan shakl, iz va boshqa tafsilotlarga qarab sensorga qaytariladi. 

Qaytgan signal mikrofon orqali qabul qilinmaydi. Buning o‘rniga, skanerning turli nuqtalarida qaytgan ultra tovushli pulslarni hisoblashda foydalanadigan mexanik kuchlanishni o‘lchovchi sensordan foydalaniladi. 

Uzoq vaqt davomida skanerlash qo‘shimcha chuqurlik ma’lumotlarini olish imkonini beradi. Bu orqali skanerlangan barmoq izining 3D reproduksiyasini yaratish mumkin. Ushbu tizim qolgan barmoq izi skanerlariga qaraganda ancha xavfsizroq. 

Qualcomm'ning 3D ekran osti barmoq izi skaneri Galaxy S10, Note 10 va Note 20 seriyalariga o‘rnatilgan edi. Uning ikkinchi avlodini Galaxy S21 seriyasida uchratish mumkin. 

Samsung'ning ta’kidlashicha, yangi avlod eskisiga qaraganda 50% ga tezroq ishlaydi hamda 77% kattaroq namuna olish maydoniga ega. 

Ultra tovushli skanerning kamchiligi shundaki, u boshqa skanerlar kabi tez ishlamaydi. Bu qisman yuqorida aytib o‘tilgan sabablarga bog‘liq. Biroq Qualcomm buni ikkinchi avlod texnologiyasi bilan hal qildi. 

Agar ekranga himoya shishasi qo‘yilsa, skanerning ishlashi yanada sekinlashadi. Shisha qalinroq bo‘lsa, umuman ishlamasligi mumkin. Ushbu skaner ekran ostida bo‘lganligi uchun smartfon ramkalarini yanada qisqartirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

O‘QING: Optik barmoq izi skaneri qanday ishlaydi? 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!