«Undan nimam kam!?» – Xiaomi ham 140 dollarlik 5G-smartfonlar va’da qilyapti

  •   DiMaX
  •  1317
  •  29.11.2019 09:27

«Undan nimam kam!?» – Xiaomi ham 140 dollarlik 5G-smartfonlar va’da qilyapti

Keyingi yil beshinchi avlod uyali aloqa standartini qo‘llab-quvvatlovchi smartfonlar narxining keskin pasayishi kutilmoqda. Zero, MediaTek o‘rta narx toifasiga mansub kamida ikkita 5G-protsessor chiqaradi, Qualcomm ham undan qolishmasligi aniq.

O‘QING: Birinchi «o‘ldirib bo‘lmas» 5G-smartfon eng kuchli protsessorga ham ega!

Kuni kecha Honor rahbari mazkur brend ostida 280, 210 va hatto 140 dollarlik 5G-smartfonlar tayyorlanishini aytgan edi. Hamyonbop smartfonlari bilan mashhur bo‘lgan Xiaomi ham bunga jim qarab tura olmadi.

«Xitoycha Apple» boshlig‘i Ley Szun (Lei Jun) fikricha, 2021 yilga borib haqiqatan arzon 5G-smartfonlar bozorda ko‘payadi. Xiaomi bu jarayondan chetda turmaydi va 1000 yuan (taxminan 140 AQSh dollari) atrofidagi narxda o‘z modellarini taklif etadi. Xitoyda 5G texnologiyasiga butkul o‘tilishi esa yaqin 3-4 yil ichida amalga oshadi.

Shuni ham yodda tutish kerakki, bu mamlakat 5G standartini joriy etishda yetakchilardan biridir. 2019 yil uchinchi choragining o‘zidayoq «Osmon osti saltanati»da 500 000 donaga yaqin 5G-smartfon sotilgan. Yilning yakunida esa bu ko‘rsatkich milliondan oshishi turgan gap.

Qolgan mamlakatlarda beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘iga o‘tish Xitoydagi kabi shiddat bilan kechmayotgan bo‘lsa-da, olg‘a intilayotganlar ko‘p. O‘zbekistonda esa bu borada Ucell uyali aloqa operatori birinchi bo‘lgan, shuningdek, UZMOBILE ham 5G texnologiyasini sinov tariqasida ishga tushirgan.

O‘QING: Xitoyda standart iPhone 11’dan ham arzon iPhone 11 5G rasman sotilyapti!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!