Universitetlarga qabuldagi o‘zgarishlar: imtihonlar muddati surildi, hujjatlarni onlayn topshirish mumkin

  •   DiMaX
  •  1712
  •  24.04.2020 11:06

Universitetlarga qabuldagi o‘zgarishlar: imtihonlar muddati surildi, hujjatlarni onlayn topshirish mumkin

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida ta’lim, xususan, universitetlarga qabul ham avvalgidan farq qilmoqda. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 23 aprel kuni o‘tkazilgan brifingda AKT yo‘nalishidagi ikkita – Inha hamda Amiti universitetlariga qabul bilan bog‘liq savollarga javob berildi.

O‘QING: Onlayn darslarni buzgani uchun YouTube-bloger ustidan jinoiy ish ochildi

– Toshkent shahridagi Inha universitetiga 2020–2021 o‘quv yiliga talabalarni qabul qilish imtihonlarini o‘tkazish bo‘yicha qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?

Mamlakatimizdagi karantin holatidan kelib chiqib, Toshkent shahridagi Inha universitetiga qabul qilish jarayonini tashkil etish rejasiga qator o‘zgarishlar kiritildi.

O‘tgan yilning shu davrda, ya’ni 2019 yilning aprel oyi davomida abituriyentlar uchun ikki marta universitetga kirish imtihonlari tashkil etilgan bo‘lsa, bu yil mazkur jarayonni karantindan keyingi davrda, ya’ni iyun va iyul oylarida tashkil etish rejalashtirildi.

Shu bilan birga, 2020-2021 o‘quv yiliga universitetga qabul qilinadigan talabalar soni o‘tgan yilgi kvota bilan bir hil bo‘lib, jami 420 nafarni tashkil etadi. Bundan «Kompyuter va dasturiy injinering» (SOCIE) yo‘nalishiga 300 nafar va Logistika (SOL) yo‘nalishiga 120 nafar talaba qabul qilinadi. 10 nafar talaba grant asosida qabul qilinadi. Xorijiy talabalarni soni cheklanmagan miqdorda va suhbat asosida qabul qilinishi belgilangan.

Kirish imtihonlari Janubiy Koreyaning malakali mutaxassislari tomonidan xalqaro standartlar asosida, adolatli va shaffof tarzda o‘tkaziladi. Imtihon natijalari Janubiy Koreyaning Inha universiteti veb-saytida e’lon qilib boriladi.

Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan mamlakatimizda va tashqarida karantin holatining davom etishi mumkinligi hamda aeroportlar faoliyati tiklanmaganligi natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan sharoit ham hisobga olingan.

O‘QING: Inha universiteti talabalari sensorli «aqlli niqob» ixtiro qilishdi

– Toshkent shahridagi Amiti Universitetida 2020–2021 o‘quv yiliga qabul jarayonlari boshlanibdi. Karantin vaqtida hujjatlarni qanday topshirish kerak? Ko‘pchilik bitiruvchilar o‘quv muassasalaridan diplom yoki shahodatnomalarini hali olmagan-ku?

Hammamizga ma’lumki, 2019 yilda Toshkent shahrida Amiti universiteti tashkil etilib, 2019 yil 24 sentyabrdan boshlab universitet o‘z faoliyatini boshlagan edi. Hozir universitetda birinchi bosqich talabalari tahsil olmoqda. Haqiqatda bu universitetga hujjat topshirib talaba bo‘lish orzusi talab darajasidan ko‘p.

Bugungi kunda, Toshkent shahridagi Amiti Universitetida abituriyentlarning hujjatlarni qabul qilish jarayoni boshlangan, qabul jarayonlarining barchasi esa onlayn tarzda avtomatik ravishda amalga oshiriladi.

Imtihonlar 3 bosqichda – birinchi bosqich 30-31 may, ikkinchi bosqich 18-19 iyul, uchinchi bosqich esa 15-16 avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Hujjatlar universitet veb-sayti orqali elektron tarzda qabul qilinmoqda.

Maktab/akademik litsey/kasb-hunar kolleji diplomi/shahodatnomasi yoki ushbu o‘quv maskanlarida bitiruvchi ekanligi xaqida ma’lumotnoma nusxasini taqdim etiladi.

Maktab, litsey va kollejlarini bu yil tamomlaydiganlar, o‘qishlari haqida ushbu ta’lim muassasasidan ma’lumotnoma topshirishlari yetarli. Bundan tashqari Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan karantin tadbirlari munosabati bilan mazkur hujjatni ham karantindan keyin topshirish imkoniyati yaratilgan. Ya’ni karantin davrida bu hujjatsiz ham ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin.

O‘QING: IT-yo‘nalishlar bo‘yicha bepul videodarslarga marhamat!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.