USB-A vs. USB-C: ikkalasi o‘rtasida qanday farq bor?

USB-A vs. USB-C: ikkalasi o‘rtasida qanday farq bor?

Elektron qurilmalar va kompyuter uskunalarining deyarli barchasi USB-A portidan foydalandi. Xo‘p, unda USB-C'ning ahamiyati nimada?

Keling, avval USB-A va USB-C'lar haqida o‘rganib, so‘ngra ikkala tip o‘rtasidagi tafovutlarga to‘xtalamiz.

O‘QING: Layfxak: USB-kabel va fleshkani bir urinishdayoq to‘g‘ri kiritishni o‘rganamiz!

USB-A nima?

USB Type-A ilk USB konnektori sanaladi. Uni to‘rtburchak shaklidan oson tanib olish mumkin. Reversiv bo‘lmagan dizaynga ega USB-A portlari deyarli barcha kompyutersimon qurilmalar, jumladan, leptop, smart TV, video o‘yin konsollari va DVD/Blu-ray pleyerlariga o‘rnatilgan bo‘ladi.

USB-C nima?

2014 yil taqdim qilingan USB Type-C porti USB-A'dagi asosiy kamchiliklarni bartaraf etishni maqsad qilgan. Ko‘plab ixcham hajmli qurilmalar hozirda ingichka USB-C portlar bilan jihozlanmoqda. USB-C portining ingichkaligi bois ishlab chiqaruvchilar yanada ingichka elektron mahsulotlarni yaratishlari mumkin bo‘ldi. Ko‘pdan-ko‘p qurilmalarga USB-C portlar o‘rnatilmoqda. Bundan maqsad esa oxir oqibat USB-A portlardan voz kechishdir.

USB-A va USB-C o‘rtasidagi farq

Mana, USB-A va USB-C'lar haqida qisqacha ma’lumotga ega bo‘ldik, endi ular o‘rtasidagi asosiy farqlarni muhokama qilsak ham bo‘ladi.

Yo‘g‘on USB-A portlari o‘rnini bosish uchun ingichka o‘lchamli USB-C dizayni yaratilgan. Natijada, elektron qurilmalarning har qachongidan ingichka va yupqa bo‘lishiga imkon paydo bo‘ldi.

Kundek ravshan vizual tafovutdan tashqari, USB-C konnektorni USB-C portlari istalgan tomondan kiritish mumkin. Ushbu qulaylikka USB-C konnektorining ham tepa, ham pastki tomonidagi shtiftlarni simmetrik joylashtirish bilan erishilgan.

Eng so‘nggi USB 4.0 standarti USB-C konnektorini talab qiladi, bu esa USB-A portlarini sekinlik bilan muomaladan chiqaradi. USB 4.0 standarti 40 Gbit/sek. ma’lumot o‘tkazish potensialiga ega. Bundan tashqari, ikki yo‘nalishli quvvat yetkazib beruvchi USB Power Delivery (USB PD) texnologiyasi sabab, qurilmalar 100 vattgacha tezlikda zaryad olishi mumkin. Buncha quvvat katta elektron moslamalar, xususan, leptop va ba’zi printerlarni ham quvvat bilan ta’minlab bera oladi.

USB 4.0 standarti USB 3.1'ga qaraganda anchayin qudratli, sababi USB 3.1'ning maksimal ma’lumot uzatish tezligi 10 Gbit/sek. bilan cheklangan.

O‘QING: USB orqali ulangan telefon yoki planshetni kompyuter «ko‘rmay» qolsa nima qilish kerak?

Alternativ rejimlarning qo‘llab-quvvatlanishi

USB-C'ning Alternativ Rejim funksiyasi USB-C portlari ko‘plab axborot protokollarini qo‘llab-quvvatlashini ta’minlaydi. Holbuki, bu ishlashi uchun ishlab chiqaruvchi o‘zining elektron qurilmasiga mazkur funksiyani integrallashtirgan bo‘lishi kerak.

Alternativ Rejim, sodda qilib aytganda, Thunderbolt, DisplayPort, HDMI, Mobile High-Definition Link va VirtualLink kabi protokollarni yagona USB-C portiga birlashtiradi.

Bu bilan elektron qurilmalarning har qachongidan ingichkaroq bo‘lishiga erishiladi. USB-C portning Alternativ Rejim funksiyasidan foydalanish uchun sizdan mos keluvchi adapterga ega bo‘lish talab qilinadi xolos.

Oldingi avlod USB'larning qo‘llab-quvvatlanishi

USB-A va USB-C'ning ikkalasi ham ulanilayotgan qurilmaga o‘rnatilgan oldingi versiya USB aloqasini qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, (to‘rtburchak ichidagi plastik rangi ko‘k bo‘lgan) USB-A 3.0 konnektori USB 2.0 va USB 1.1'larni ham «taniydi». Xuddi shunday, USB-C 2.2 konnektori oldingi talqindagi USB-C portlari bilan «chiqishadi».

Albatta, kichik o‘lchamga ega USB-C konnektorini kattaroq bo‘lgan USB-A portga kirg‘iza olmaysiz, lekin bunda mos keluvchi konnektor va portlarga ega adapter yoki perexodnik muammoga yechim bo‘la oladi.

USB-C kelajagi

700 dan ortiq texnologiya kompaniyalari, jumladan, Apple, Google, Intel va Microsoft USB-C'ning ilk dizayni va uning hayotga tatbiq etilishi masalasida birga ishlagan. USB-C haqiqatan universal bo‘lib, uzoq yillar biz bilan bo‘ladi.

Vaholanki, hali ham USB-A aloqasini talab qiluvchi ko‘plab eski qurilmalar bor. Hozircha, moslik muammosiga yechim bo‘lish uchun USB-A va USB-C yonma-yon ishlaydi. Eski qurilmalardan foydalanuvchilar soni kamayib borishi bilan esa USB-C dominant tipga aylanadi.

O‘QING: Kompyuter sichqonchasi qanday ishlaydi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!