USB nomlarida muhim o‘zgarish: SuperSpeed brendidan voz kechilmoqda

USB nomlarida muhim o‘zgarish: SuperSpeed brendidan voz kechilmoqda

USB standartini boshqaradigan va qo‘llab-quvvatlaydigan USB Implementers Forum (USB-IF) notijorat tashkiloti USB qurilmalarini brendlashda yangi nom standartlarini ma’lum qildi (The Verge orqali). Muhim o‘zgarishlaridan biri shuki, ular SuperSpeed brendidan voz kechishmoqda. Ushbu brend nomi sizga hech nimani anglatmayotganligi tabiiy hol, chunki ko‘pchiligimiz uchun bu shunchaki USB 3.0 hisoblanadi. Nafaqat SuperSpeed, balki tashkilot endi ortiq USB4 brendidan ham foydalanmaydi.

Endilikda USB qurilmalari ularning versiya raqamlari yoki SuperSpeed kabi mujmal brendlari o‘rniga, ularning texnik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda nomlanadi. Masalan: "SuperSpeed ​​USB 5Gbps" va "SuperSpeed ​​USB 10Gbps" endi mos ravishda "USB 5Gbps" va "USB 10Gbps"ga, "USB4 40Gbps" va "USB4 20Gbps" esa "USB 40Gbps" va "USB20Gbps"ga aylanadi. 

Shuningdek, USB Type-C kabellarini nomlashda ham yangilik kiritilgan: endi kabellarda faqat ma’lumot uzatish tezligi emas, balki ular ko‘tara oladigan zaryadlash vattlari ham ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Masalan, kabel shunchaki "40 Gbit/s kabel" sifatida brendlanishi mumkin emas, endi u 60 Vt yoki 240 Vt kabi zaryadlash tezligini ham ko‘rsatishi kerak.

USB-IF prezidenti va bosh direktori Jeff Ravencraft so‘zlariga ko‘ra "xaridorlar faqat ikki narsani bilishni xohlaydi: mahsulotning eng yuqori ma’lumot ulashish tezligi va mahsulot bera oladigan eng yuqori quvvat darajasi". Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘zgarishlar yilning shu choragidan boshlab amal qilishni boshlaydi va yangi nomlar yil oxirigacha mahsulot va qadoqlashlarda paydo bo‘la boshlaydi. Biroq, bu o‘zgarishlarni qo‘llash majburiy emas. USB standarti barcha uchun ochiq bo‘lib, USB-IF kompaniyalarni eski nomlardan foydalanmaslikka yoki umuman brend nomlaridan foydalanmaslikdan to‘xtata olmaydi.

O‘QING: Intel o‘zining "Celeron" va "Pentium" brend nomlarini o‘zgartimoqda

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!