Ushbu beshovlon smartfon brendlari yaqin kelajakda yo‘qolib ketishi mumkin​

Ushbu beshovlon smartfon brendlari yaqin kelajakda yo‘qolib ketishi mumkin​

Barchamiz yaqinda hayotga qaytgan Nokia telefonlari haqida yaxshi bilamiz. Bir vaqtlar hammaning sevimli telefonlariga aylangan Nokia brendi kuchli raqobatga dosh bera olmagandi. Bugungi kunda ham ba’zi brendlar zamon bilan hamnafas bo‘lish, mijozlar ko‘nglini topishda qiyinchiliklarga yuzlanmoqda.

Hozirgi kunda smartfonlar bozoridagi asosiy yangiliklar Xiaomi, OnePlus va Samsung kabi kompaniyalardan kelmoqda. Biroq quyida biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan besh nafar smartfon brendlari vaqt o‘tgan sayin muxlislar e’tiboridan chetda qolmoqda. Ular yaqin kelajakda dunyo bozorida o‘z o‘rnini yo‘qotib qo‘yishi ehtimoli juda yuqori. Keling, ushbu brendlar qaysilar ekanligi va muvaffaqiyatsizliklar sababi nimadadan iboratligini ko‘rib chiqamiz.

LG

LG Electronics kompaniyasi faqat smartfonsozlik bilan shug‘ullanmasligi hammamizga ma’lum. Biroq turli texnik jihozlar va qurilmalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ushbu kompaniyaning aynan smartfonsozlik tarmog‘i so‘nggi yillarda deyarli foyda keltirmay qo‘ydi. To‘g‘ri, kompaniya vaqti-vaqti bilan qiziqarli va yangiliklarga boy smartfonlarni e’lon qilib turibdi, lekin ularning nomi Samsung va Apple kabi gigantlar mahsulotlarining soyasida qolib ketmoqda. Narxi borasida esa uloqni Xitoy kompaniyalari ilib ketmoqda.

Ta’kidlash joiz, LG o‘z smartfonlarida yuqori sifatli kameralar o‘rnatishni uddalaydi va turli dizaynlarni sinab ko‘rishdan qo‘rqmaydi. Biroq so‘ngi yillardagi tahlillar mazkur brend smartfonlari tobora top reytinglarning tubiga tushib ketayotganini ko‘rsatmoqda.

O‘QING: Ikkita ekran nimasi!? LG uchta sensor ekranli buklama smartfon patentladi!

Shu paytga qadar kompaniya yaxshi daromad keltirayotgan boshqa yo‘nalishlari (masalan, maishiy texnika) mablag‘i asosida smartfonsozlik tarmog‘ini ushlab kelishga harakat qildi. Ammo joriy yilda bo‘lib o‘tgan CES 2018 konferensiyalari davomida LG Electronics bosh ijroichi direktori va rais o‘rinbosari Cho Son Jin kompaniya bundan keyin har yili emas, balki zaruriyat tug‘ilganda yangi smartfonlarni e’lon qilib borishini ma’lum qildi.

MWC 2018 ko‘rgazmalari chog‘ida esa kompaniya V30 modelining yangilangan, hamyonbop va «aqlliroq» talqini - V30s'ni taqdim qildi. Biroq ushbu yangi talqin ham xalqaro bozorga to‘liq chiqarilmaydi. Bunday yangiliklar bilan kompaniya xalqaro smartfon bozorini qaytadan egallashdan ko‘ra o‘z obro‘sini saqlab qolishga urinayotgandek ko‘rinmoqda. Shu sababli ham janubiy koreyalik bu kompaniya yaqin kelajakda smartfonsozlik yo‘nalishidan butkul voz kechib, yuqori daromad keltirayotgan boshqa tarmoqlarini yanada rivojlantirishga e’tibor qaratishining ehtimoli anchayin katta.

Sony

Sony’ning xalqaro smartfon bozoridagi muvaffaqiyatsizliklari bugun boshlangani yo‘q.

Sony uzoq yillar davomida, asosa, byujet smartfonlar chiqarish bilan shug‘ullanib keldi. Ammo so‘nggi yillarda mazkur brend ostida e’lon qilingan smartfonlarni, dizayn va ishlatilgan materiallar nuqtayi-nazaridan qaraganda, ortiq hamyonbop deyish qiyin. Sony’ning oxirgi ikki-uch yildagi asosiy muvaffaqiyatlari fotokameralar va smartfonlar uchun mo‘ljallangan kameralarga asoslanib qoldi (Sony ishlab chiqargan kameralardan Samsung kabi yirik ishlab chiqaruvchilar o‘z smartfonlarida foydalanayotgani sir emas).

Ayni vaqtda Sony o‘zining asosiy smartfonlarida raqobatbardosh kameralar o‘rnatishga urinmadi va ekranlar kabi smartfon tarkibiy qismlaridan mablag‘ tejashga harakat qildi. Natijada mazkur brend smartfonlari o‘ziga xos jozibadorligini yo‘qotib qo‘ydi. Bu ham yetmagandek kompaniya so‘nggi vaqtda e’lon qilingan modellariga anchayin yuqori narx qo‘ydi. Oqibatda narxi sifatiga yarasha bo‘lgan boshqa smartfonlar Sony mahsulotlarini bozordan siqib chiqara boshladi.

Bundan tashqari Sony bir necha yildan beri dizayn masalasida ham eski qarashlarini o‘zgartirmasdan kelayotir. Mijozlar mazkur brendning «to‘g‘ri to‘rtburchak» shaklli dizaynidan zerikkaniga ancha bo‘lgan. Shu tarzda Sony smartfonlari odamlarni o‘ziga ortiq maftun qilmay qo‘ydi.

MWC 2018 doirasida kompaniya tomonidan taqdim qilingan Xperia XZ2 va Xperia XZ2 Compact flagmanlari yuqori e’tirofga sazovor bo‘lgan bo‘lsada, mazkur brend tobora odamlarning nazaridan chetda qolib bormoqda.

Hozircha Sony smartfon biznesidan chiqish haqida rejalashtirmayotir. Balki yaqin kelajakda Sony ajoyib yangiliklar bilan yana e’tiborga tushishga muvaffaq bo‘lar yoki millionlab dollar miqdorida zarar ko‘rishda davom etaversa, smartfonsozlik faoliyatini to‘xtatar. Hozircha Sony’ning raqobatli muhitga moslashishga intilmayotgani yaqin kelajakda ikkinchi taxminning haqiqatga aylanish ehtimoli yuqoriligini ko‘rsatmoqda.

Nokia

Bir necha yil oldin yuz bergan Nokia’ning «sinishi» haqida hammamiz yaxshi eslaymiz. Yiqilgan kurashga to‘ymas, deganlaridek smartfon biznesini qaytadan boshlagan kompaniyaning ahvoli, hozircha, qoniqarli emas. O‘tgan yildan beri yangi modellar taqdim qilishda faollashgan kompaniyaning xalqaro smartfon bozoridagi hozirgi ulushi atigi 1 foizga teng. Bu klassik brend bir vaqtlar xalqaro bozorning 40 foizini egallab olgan edi. Bunday qiyin vaziyatga qaramay, kompaniya yaqin yillar ichida smartfon ishlab chiqaruvchilarning top reytingiga chiqib olishni ko‘zlamoqda.

Biroq Nokia’ning o‘rta va yuqori sinfga mansub joriy smartfonlari narx hamda imkoniyatlar borasida xitoylik brendlarga birinchilikni boy bermoqda.

O‘QING: Yangi talqindagi Nokia 3310 taqdim qilindi

Brendning uzoq yillik tanaffusdan so‘ng o‘tgan yili qaytadan taqdim etilgan 3310 modeli esa top smartfonlaridan ko‘ra ko‘proq shuhratga erisha oldi. Bundan tashqari Nokia birinchilardan bo‘lib hamyonbop smartfonlar uchun mo‘ljallangan Android Oreo Go Edition platformasida ishlovchi modelni taqdim qildi. Ushbu yangi platforma Android’ning eski telefon modellari uchun mo‘ljallangan talqini bo‘lib, u bir vaqtlar Nokia’ning Symbian platformasida ishlagan mashhur modellarini hayotga qaytarishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Qisqacha aytganda, Nokia’ning yangi smartfonlar ishlab chiqarishdan ko‘ra o‘tmishdagi klassik modellarni hayotga qaytarish borasida ko‘proq omadi chopmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfonlar savdosida pasayish kuzatilayotgan bir paytda qaytadan hayotga qaytarilgan ficherfonlar (feature phone), ya’ni klassik telefon modellari ko‘proq sotilmoqda. Albatta, bu o‘sayotgan savdoda Nokia’ning anchayin ulushi bor. Bir vaqtlar faqat qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish, SMSlar yozish kabi tor doiradagi amallardan boshqa narsani uddalay olmagan ficherfonlar, bugunga kelib, yangi imkoniyatlar (internetga ulanish, suratga olish va boshqalar)ga ega bo‘lmoqda. Ficherfonlar savdosidagi asosiy ulush esa Alcatel, Nokia va boshqa bir qancha brendlarga tegishli bo‘lib qolmoqda. Narxi arzon va top smartfon modellarida mavjud asosiy funksiyalarni bajarishni uddasidan chiqa oladigan bunday klassik telefonlar yaqin orada ommalashib ketishi taxmin qilinmoqda.

Endi Nokia’ning taqdiriga qaytsak. Kompaniya zamonaviy smartfonlar bozorida yuqori o‘rinlarga chiqish va raqobatga dosh berish borasida ancha kam imkoniyatlarga ega. Ayni vaqtda ficherfonlar savdosida muvaffaqiyatlarga erishib borayotgan mazkur brend yaqin kelajakda zamonaviy smartfonlar biznesidan ketishi haqida bayonot berishi hech gap emas. To‘g‘rida, zarar keltiradigan omadsiz biznes bilan kim shug‘ullanishni istardi deysiz.

Blackberry

Bir vaqtlar manaman degan ishbilarmon va biznesmenning orzusiga aylangan mazkur brend «singaniga» ancha bo‘ldi. Alcatel brendi ostida smartfonlar ishlab chiqaruvchi Xitoyning TCL kompaniyasi Blackberry’ni sotib olganiga qaramay, uning yana o‘tmishdagi shuhratini tiklashiga imkoniyat juda kam. Blackberry’ning bozorni egallash emas, hatto unga qayta kirish imkoniyati Nokia’nikidan ham kam. Yuqorida Nokia zamonaviy smartfonlar borasida bir joyda depsinib turgan bo‘lsada, ficherfonlar va Android Go platformasida ishlovchi arzon smartfonlar bobida omadi yurishayotgani haqida suhbatlashdik. Blackberry qo‘lida esa, hatto, shunday imkoniyat ham yo‘q.

O‘QING: Afsonaning qaytishi: BlackBerry Motion rasman taqdim etildi

Blackberry o‘z vaqtida bozordagi o‘zgarishlar, mijozlar istagi va talabini ko‘ra olmadi. Tugmali klaviaturalar o‘rnini sensorli ekranlar zudlik bilan egalladi, brendning asosiy qismini tugmalar egallagan modellari katta o‘lchamli displeylar soyasida qolib ketdi. Bundan tashqari kompaniya hammaning sevimli platformasiga aylanib borayotgan Android’ni o‘ziga raqib hisobladi. Oqibatda Blackberry brendi bozordan siqib chiqarildi.

Ayni vaqtda Blackberry’ning hozirgi egasi ham bozor talablarini yaxshi baholay olmayotgan ko‘rinadi. Shimoliy Amerika va Yevropada hanuz ushbu brendni sog‘inadiganlar talaygina. Yangi xo‘jayin brendning zamonga moslashgan yangi modellari bilan sobiq muxlislarni xursand qilish imkoniyatidan foydalanish haqida o‘ylamayapti, shekilli. Bugunga kelib Blackberry brendi deganda, asosan, smartfonlardagi ma’lumotlarni himoya qilish ilovalari tushuniladigan bo‘lib qoldi. Shu sababli biroz vaqtdan so‘ng Blackberry nomi yaqin o‘tmish nostalgiyasiga aylanib qolsa, ajab emas.

HTC

HTC kompaniyasi smartfonsozlik bo‘yicha ikki marta shuhratlar to‘lqinida suzgan - Windows Mobile uchun barmoqlar bilan qulay boshqarish imkoniyatini beruvchi tizim yaratganda va Android platformasining ilk yillarida. Aynan shu kompaniya Google uchun Nexus smartfonlarini ilk marta ishlab chiqargan edi.

Biroq Samsung va Xitoyning boshqa brendlar bilan raqobatga ushbu tayvanlik kompaniya dosh bera olmadi.

2017 yilda Google HTC’ni o‘z qanoti ostiga oldi. Google $1,1 milliard evaziga HTC’ning 2,000 nafar muhandislari va dizaynerlarini sotib oldi. Bu xodimlar Google Pixel va Pixel 2 modellarining birinchi avlodi ustida mehnat qilgan edilar. Hozirda HTC Pixel’ning uchinchi avlodi ustida ish olib borish-bormasligi noma’lum.

HTC’ning o‘z smartfon modellarining ham kelajagi qorong‘uligicha qolmoqda. Sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya tez orada o‘zining navbatdagi «bayroqdor»i - HTC U12’ni taqdim qilishi kerak. O‘z vaqtida HTC smartfon modellariga adolatli narx qo‘yishning uddasidan chiqa olmadi. Bundan tashqari so‘nggi yillarda taqdim qilingan modellarida anchayin arzon materiallardan foydalandi va, natijada, brendning nomiga putur yetdi. Hozirda HTC brendining nomi deyarli quloqqa chalinmay qoldi. Balki tez orada bu nom ham tarixda qolib ketar.

 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!