Uyali aloqa operatorlariga tarmoq sifat ko‘rsatkichlari yomonlashuvi bo‘yicha jarimalar qo‘llanildi

  •   DiMaX
  •  1332
  •  13.06.2017 15:17

Uyali aloqa operatorlariga tarmoq sifat ko‘rsatkichlari yomonlashuvi bo‘yicha jarimalar qo‘llanildi

O‘zbekistonda uyali aloqa xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va sifatli xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan operatorlarning oylik ma’lumotlari va tarmoq sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Bu haqda mazkur Inspeksiya sayti xabar bermoqda.

O‘tkazilgan tahlil natijalari barcha operatorlarning mobil aloqa tarmoqlari quyidagi sifat ko‘rsatkichlarining yomonlashganligini ko‘rsatdi:

– radioaloqa uzatgichlari ishlashida korxonaning aybi bilan uzilishlar;

– muvaffaqiyatsiz ulanishlar soni;

– o‘rnatilgan ulanishda abonent tashabbusi bilan bo‘lmagan uzilishlar soni;

– internet tarmog‘iga muvaffaqiyatsiz ulanishlar soni;

– internet tarmog‘ida o‘rnatilgan ulanishlarda abonent tashabbusi bilan bo‘lmagan uzilishlar soni.

Yuqorida keltirilgan sifat ko‘rsatkichlari tahlili, litsenziya shartnomasi talablari bajarilmaganligi va mobil aloqa tarmog‘i sifat ko‘rsatkichlarning yomonlashuvi, shuningdek operator aybi bilan yuzaga kelgan asosli murojaatlar bo‘yicha Inspeksiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Aloqa sohasidagi me’yoriy hujjatlar, davlat va tarmoq standartlari talablarini, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar (jarimalar) to‘g‘risida»gi 2000 yil 14 avgustdagi 318-son qaroriga asosan mobil aloqa operatorlariga moliyaviy sanksiyalar (jarimalar) qo‘llanildi.

Litsenziya shartnomasi talablarini bajarilishi va mobil aloqa xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida barcha uyali aloqa operatorlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.