Uyda turib ishlash uchun 7 servis

Uyda turib ishlash uchun 7 servis

Karantin kompaniyalar ishini butkul to‘xtatib qo‘ymayotgan bo‘lsa-da, ish faoliyatini ancha sekinlashtirib yubormoqda. Bir qator tashkilotlar allaqachon xodimlarini ofisga kelib ishlash majburiyatidan ozod qilgan. Shu bilan birga, xodimlar ham vazifalarni uyda turib bajarishni uddalamoqda.

Qiyida uydan turib ishlovchi xodimlar uchun eng yaxshi servislar ro‘yxatini tuzib chiqdik. Bu servislar, ishni tashkillashtirish, vaqtni taqsimlash, birgalikda ishni tahlil qilish va hokazolarga ko‘maklashadi.

Trello

Vazifasi: ishni tashkil qilish
Narxi: bepul
Sayti; iOS uchun yuklash; Android uchun yuklash

Bu servis vazifalarni rejalashtiruvchi va guruh bo‘lib ishlashga ko‘maklashuvchi dastur hisoblanadi. Servis ko‘proq rahbarlar uchun foydali, chunki unda vazifalar soni va bajarilishini qulay tarzda kuzatib borish mumkin.

Ish quyidagicha tashkil qilinadi. Ustun shaklida qatorlar yaratasiz. Masalan, «fikrlar», «jarayon», «topshirilgan» va «mijoz tomonidan qabul qilingan». Birinchi qatorga xodimlarning loyihalarini bildiruvchi kartochkalarni joylashtirasiz.

Kartochkalarni ishning borishiga qarab ko‘chirib borasiz. Agar xodim vazifasiga kirishsa, kartochkani «jarayon» ustuniga ko‘chirasiz. Topshiriq bajarilganda, uni «topshirilgan» ustuniga, mahsulot buyurtmachi tomonidan qabul qilinganda esa «mijoz tomonidan qabul qilingan» ustuniga ko‘chirasiz va hokazo.

Timely

Vazifasi: ishni tashkil qilish, o‘zini-o‘zi tashkillashtirish
Narxi: bepul
Sayti; iOS uchun yuklash; Android uchun yuklash

Bu servis vaqti tig‘iz insonlar yoki shunchaki prokrastinatsiya (ishni keyinga qoldirish) bilan kurashishni maqsad qilganlar uchun. Dastur biror-bir ishga sarflanadigan mehnat, vaqt va xarajatni avtomatik tarzda hisoblaydi.

Timely brauzerda ishlaydi. Faqatgina, uni kompyuterda qo‘llash uchun faol dasturlar va ularda sarflangan vaqtni aniqlaydigan dastur-agentni o‘rnatish kerak bo‘ladi.

So‘ngra Timely har bir xodim uchun sozlanishi kerak. Rahbar esa ma’lum bir vaqt kesimi uchun vaqt oralig‘i, valyuta va narxni tanlaydi.

Timely nafaqat tashkilotlar, balki o‘z kunlik rejimini tartibga solishni xohlovchilar uchun ham kerak bo‘ladi. Servis kompyuteringizdagi dasturlar faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘playdi va elektron taqvim bilan sinxronlashtiradi. Shunday qilib, u kun davomida siz qaysi dasturlardan qancha vaqt mobaynida foydalaningizni ko‘rsatib boradi.

Slack

Vazifasi: muloqot
Narxi: bepul, qo‘shimcha xaridlari bilan
Sayti; iOS uchun yuklash; Android uchun yuklash

Bu korporativ messenjer Skype, pochta va shunga o‘xshash servislar o‘rnini bosish maqsadida yaratilgan.

Slack'ning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bu — uning Google Drive, Google Docs, Twitter, Trello, Hangouts, Dropbox, GitHub kabi boshqa servislar bilan sinxronizatsiyasidir.

Uchta tarifi mavjud: Free tarifi (bepul), Standard tarifi 6,67 dollar va Plus tarifi (kengaytirilgan) 12,50 dollar. Bazaviy versiyasida (ya’ni Free tarifi) har bir foydalanuvchi 10 ming xabar, 10 ta ilova bilan integratsiya imkoniyati va ma’lumot saqlash uchun 5 gigabayt joyga ega bo‘ladi. Pullik versiyalarida esa cheklovlar olib tashlanadi.

Zoom

Vazifasi: videokonferensiya
Narxi: bepul, qo‘shimcha xaridlari bilan 
Sayti; iOS uchun yuklash; Android uchun yuklash

Servis 100 tagacha qatnashchini o‘z ichiga olgan konferensiyani tashkil qilish imkonini beradi. Bunda qatnashchilardan biri tashkillashtiruvchi sifatida qolgan qatnashchilarni videoqo‘ng‘iroqqa taklif etadi.

Servisda vaqt cheklovi mavjud. Uning bepul versiyasida konferensiya davomiyligi 40 minutgacha bo‘lishi mumkin. Pullik versiyasida esa cheklanmagan. Bundan tashqari, unda suhbatdoshingiz qaydlarini boshqarishingiz, organizatorlarni tayinlashingiz va hisobotlar yaratishingiz mumkin.

Google Drive

Vazifasi: fayllarni saqlash va uzatish
Narxi: bepul, qo‘shimcha xaridlari bilan
Sayti; iOS uchun yuklash; Android uchun yuklash

Agar sizda Google Drive bo‘lsa, aytish mumkinki, eng yaxshi servis sizning qo‘lingizda. Bu dasturning asosiy xususiyati — yaratuvchining «saxiyligi»dir. Google bu servisda foydalanuvchiga 15 gigabayt joy ajratadi. Taqqoslash uchun, Dropbox atigi 2 gigabayt, Yandex.Disk esa 10 gigabayt joy beradi, xolos.

Google Drive servisida ma’lum bir akkaunt yoki barcha foydalanuvchi fayllarga kirishi mumkin. Shuningdek, fayllarni boshqa foydalanuvchilar bilan hamkorlikda tahrirlash imkoni mavjud.

Google Docs

Vazifasi: matnlarni tahrirlash
Narxi: bepul
iOS uchun yuklash; Android uchun yuklash

Matn tahriri uchun eng qulay servis bo‘lib, Google Drive'ga birlashgan. Ikki afzalligi mavjud: hujjatlar bulutda — joy egallamaydi va instrumentlar to‘plami mutlaqo bepul.

Servis quyidagicha ishlaydi. Mualliflik huquqiga ega foydalanuvchi matnni topshiradi. Tahrirchi matnni to‘g‘rilash uchun matndan parchani ajratib oladi. So‘ngra, «izoh qoldirish»ni tanlaydi va fikr-mulohazalarini yozadi. Agar muallif tahrirchining mulohazasiga rozi bo‘lmasa, matnni to‘g‘rilashdan oldin izohga javob yozadi.

Bundan tashqari, bu servisda matn tahrirchi va mijoz tomonidan birgalikda tahrirlanishi mumkin. Agar ikkalasi ham Google'da avtorlashtirilgan bo‘lsa, muallifni adashtirib yubormaslik uchun izohlar ism bilan qoldiriladi.

World Time Buddy

Vazifasi: turli mintaqalardagi vaqtni aniqlash
Narxi: bepul 
Sayti; iOS uchun yuklash; Android uchun yuklash

Bu servis vaqt mintaqalari konverteridir. Agar xodimingiz karantin tufayli yashash joyini o‘zgartirsa, bu dastur sizga asqatadi. Bir necha soniya ichida, hech qaysi tomonga noqulaylik tug‘dirmasdan, xodim vaqtini aniqlang va loyiha muhokamasini rejalashtiring.

World Time Buddy Google xizmatlari bilan sinxronlashgan. Siz unda videokonferensiya belgilashingiz yoki turli shahar va davlatlardagi vaqt mintaqalari bo‘yicha elektron maktublar yozishingiz mumkin.

Endi sizning jamoangizda uyda ishlashda noqulayliklar bo‘lmaydi. Bu servislar yordamida ishingizni bekami-ko‘st davom ettirasiz. Ishonmasangiz, sinab ko‘ring.

O‘QING: Dunyodagi eng qimmat 10 smartfon

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.