Uylarimizdagi yangicha – «aqlli» elektr schyotchiklari: o‘g‘rimi yoki to‘g‘ri?

  •   DiMaX
  •  11565
  •  29.01.2020 11:34

Uylarimizdagi yangicha – «aqlli» elektr schyotchiklari: o‘g‘rimi yoki to‘g‘ri?

Mamlakatimizda bosqichma-bosqich ravishda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, o‘tgan yilda 2,5 million dona yangi hisoblagich o‘rnatilgan bo‘lsa, joriy yilda ularning sonini 4,5 milliontaga yetkazish rejalashtirilgan.

O‘QING: «O‘ztransgaz» uchun uch yarim millionta gaz hisoblagichni Artel ishlab chiqarishi mumkin

Bu yaxshi, albatta. Ammo keyingi paytda o‘zaro suhbat va ijtimoiy tarmoqlarda mazkur mavzu keng muhokama qilinmoqda. Gap shundaki, yangi hisoblagichlar haqida «Ko‘p pul yozar ekan», «Tez aylantirar ekan», «O‘g‘ri hisoblagich» kabi ta’rifu tavsiflar bildirilmoqda.

Xo‘sh, «aqlli» hisoblagichlar haqidagi bu e’tirozlar qanchalik to‘g‘ri? «Ishonch» gazetasi tahririyati «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutasaddilariga ushbu savol bilan murojaat etgan va javoblarni e’lon qilgan.

– Yangi hisoblagich elektr energiyasining kichik sarfini ham payqaydi va hisoblaydi, – deydi «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining elektr energiyani hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish direksiyasi direktori Davrbek Imomov. – Masalan, ko‘pchiligimizning uyimizda kompyuter, televizor kabi qurilmalar ishlatilmagan paytida ham «kutish» rejimida qoldiriladi. Mobil telefonni quvvatlash moslamasi ham telefondan uzilsa-da, elektr manbaidan olinmaydi. E’tibor qilsangiz, bularning barchasida «qizil nuqta» yoniq turadi. Oldingi mexanik va elektron hisoblagichlarning ushbu qizil nuqtalarga oqib ketayotgan energiyani hisoblash xususiyati yo‘q edi. Yangi hisoblagichlar esa barchasini hisoblash xususiyatiga ega. Natijada elektr jihozlarini tarmoqdan ajratmasdan «kutish» funksiyasida qoldirish yurtdoshlarimizga ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqarmoqda. Xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan har bir hisoblagich inson omili ta’sirisiz alohida metrologik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Agar u belgilangan metrologik me’yorlar talabiga javob bermasa, sotuvga chiqarilmaydi.

Mutaxassis bilan muloqot chog‘ida ma’lum bo‘ldiki, yangi hisoblagich eski hisoblagichga nisbatan 3-5 foizga ko‘proq hisoblaydi, ammo bu – o‘zimiz ishlatgan energiyani aniq va sezgirlik bilan hisoblashi evaziga. Aslo o‘g‘ri emas!

O‘QING: Xorazmda «shamol generatori» ishlab chiqariladi

Shu paytgacha tashkilotning o‘ziga ham hisoblagich «ko‘p yozayotgani» to‘g‘risida shikoyatlar kelib tushgan. Shunda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning elektr energiyani hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish direksiyasi xodimlari yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi ishonchsizlikka barham berish uchun hisoblagichning ustidan fuqarolarning oldingi uyida turgan hisoblagichlarini o‘rnatishdi. Ikki hafta yoki bir oydan so‘ng ikkala hisoblagich ko‘rsatkichlari taqqoslanganda esa yurtdoshlarimiz yangi hisoblagich to‘g‘ri ishlayotganiga, farq arzimas darajada kamligiga amin bo‘lishdi.

– Biz o‘tgan yilning so‘ngi olti oyi davomida 50 ta xonadonda yangi hisoblagichga parallel ravishda oldingi eski hisoblagichlarni o‘rnatib, fuqarolarga yangi hisoblagich faoliyatiga xolis baho berish imkonini yaratdik, – deydi D. Imomov. – Barcha holatlarda ham yurtdoshlarimiz yangi hisoblagich to‘g‘ri ishlayotganiga guvoh bo‘lishdi. Agar yangi hisoblagich faoliyatiga shubha bilan qarayotgan yurtdoshlarimiz bo‘lsa, xodimlarimiz ularning uyida ham bu tajribani amalga oshirishi mumkin. Ana shunda hammasi oydinlashadi. Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tsam, albatta yangi tizimga o‘tish endi boshlangani uchun hali muammolarimiz mavjud. Masalan, ayrim hollarda hisoblagichlar ko‘rsatilgan me’yorlar asosida o‘rnatilmagani oqibatida ularning noto‘g‘ri ishlashi uchrab turibdi. Bundan tashqari, hisoblagich avtomatik o‘chganda to‘lov qilinishiga qaramasdan o‘z vaqtida yonmayotgan holatlar ham uchrayapti. Buning sababi, tizimning aloqa operatorlari va internet bilan bog‘liqligidir. Internet yaxshi ishlamayotgan hududlarda bu muammolar ko‘proq kuzatilyapti. Hozirda bunday muammolarni bartaraf etish ustida ishlayapmiz.

O‘QING: Kommunal to‘lovlardagi qarzdorliklar haqida Telegram orqali ma’lumot olamiz!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!