«UzAutoMotors»ga qarshi kampaniya boshlagan bloger Ichki ishlar bo‘limiga chaqirildi

  •   DiMaX
  •  2662
  •  19.11.2020 14:29

«UzAutoMotors»ga qarshi kampaniya boshlagan bloger Ichki ishlar bo‘limiga chaqirildi

Kecha – 18 noyabr kuni bloger Umid Gafurovga Ichki ishlar bo‘limidan qo‘ng‘iroq bo‘lgan va «UzAutoMotors» kompaniyasi Umid Gafurovning ustidan ariza bergani ma’lum qilingan. Shundan so‘ng bloger Ichki ishlar bo‘limiga borgan, deb yozadi Sof.uz.

O‘QING: Internetdagi ishkal: TATU talabalari blogerdan uzr so‘rashdi (+suratlar)

Blogerning ma’lum qilishicha, 20 oktyabr kuni bloger Instagram tarmog‘idagi sahifasida jonli efir qilgan va efir davomida «UzAutoMotors» kompaniyasi hamda mashinalar narxini tanqid qilgan.

«20 oktyabr kuni Instagramda jonli efir qilgandim. U efirimda rosa so‘kingandim. Lekin aniq bir shaxsga qaratib so‘kinmadim, shunchaki umumiy. Qizig‘i, efir oddiy boshlangan. 2-3 daqiqadan keyin shuncha paytdan beri buzilib ketgan asablarim tufayli so‘kina ketdim. Menimcha, barchaga tanish vaziyat.

Orasida mashina narxlari bo‘yicha ham so‘kinishlarim bor edi. Mashina narxlarini «asossiz tanqid» qilibman. «UzAM» shunga xafa bo‘libdi ekan, meni jonli efirimni diskka ko‘chirib, Ichki Ishlarga ariza yozibdi. Tovba.

U yerga borganimdan keyin, menga Ichki ishlar vazirligidan telefon qilib, meni asossiz chaqirishganini aytib, uzr ham so‘rashdi. Chunki men efir davomida ma’lum bir shaxsga nisbatan so‘kinmadim.

Xullas, nimanidir bahona qilishmoqchi ekan UzAM. Topgan bahonasini qarang. Yosh bolaga o‘xshaydi. Biror bir jiddiyroq narsa, deb o‘ylagandim.

Shu vaqt ichida menga juda ko‘p joydan qo‘ng‘iroq qilishdi. Vaziyatda yordam bermoqchi bo‘lgan ko‘plab do‘stlarim, blogerlar, kanal adminlari, deputatlar, Vazirlik va IIBga katta rahmat!

Bu arizani yozgan «UzAutoMotors» yuridik boshqarmasi direktori R.R. Shaymardonovga alangali salomlar.

Blogerlarning jonli efirini tomosha qilish shart emas. Issiq kabinetdan ko‘chaga chiqing, avto narxlari haqida xalqning fikrini so‘rang. Hammasini nomiga ariza yozishga umringiz yetmaydi, o‘rtoq Shaymardonov, yoki Shaymardonovga shu buyruqni bergan boshqa odam…», deb yozgan bloger Umid Gafurov.

O‘QING: Dubayda qo‘lga olingan Instagram yulduzining uyidan 37 million dollar pul va 13 ta lyuks avtomobil chiqdi