O‘zbekiston banklari Uzpaynet agentlarini terminallar bilan ta’minlay olmadi

O‘zbekiston banklari Uzpaynet agentlarini terminallar bilan ta’minlay olmadi

O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Uzpaynet kompaniyasi agentlari 1 martdan o‘zlari istar-istamas qoidabuzarlar toifasiga kirib qolishdi.

Bugun ham kechagidek, Toshkent va boshqa shahar hamda tumanlarda PAYNET xizmati orqali to‘lovlar uchun faqat naqd pul qabul qilinmoqda. «Terminal yo‘qmi?» savoliga xodimlar yelkalarini uchirib qo‘yishmoqda. Shunday holatga duch kelgan Podrobno.uz xodimi ushbu masala yuzasidan izoh so‘rab Uzpaynet kompaniyasiga murojaat qilgan, deb yozmoqda Kun.uz.

«O‘zbekiston Prezidentining 15 fevraldagi «Pul aylanmasini takomillashtirish va plastik kartochkalar orqali to‘lovlarni rivojlantirish to‘g‘risida»ga qarori qabul qilinganidan so‘ng, biz barcha agentlar bilan bog‘lanib, terminallar bor-yo‘qligi borasida o‘ziga xos inventarizatsiya o‘tkazdik. Ko‘pchilikda bu qurilma yo‘qligi aniqlandi. Bizning talabimiz bo‘yicha barcha agentlar zudlik bilan o‘zlariga xizmat ko‘rsatuvchi banklar bilan bog‘lanishgan va terminal so‘rab ariza yozishgan», – degan kompaniyadagi agentlik manbasi.

Ularning murojaati esa o‘tgan davr mobaynida ijobiy hal etilmagan, chunki ma’lum bo‘lishicha, banklar ixtiyorida katta miqdorda terminallar bo‘lmagan, borlari ham tadbirkorlik sub’yektlariga tarqatilgan. Prezident qarorida yetishmayotgan terminallar «qisqa muddatda» olib kelinishi, ro‘yxatdan o‘tkazilishi va talabgorlarga yetkazilishi uqdirilgandi.

Umuman olganda shunday vaziyat yuzaga kelishini kutish mumkin edi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu qarori e’lon qilingach, poytaxt hokimiyatida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi vakilining ma’lum qilishicha, chakana savdo va pulli xizmatlar ko‘rsatish shoxobchalarini inventarizatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ilk 4 kunda 1700ga yaqin terminal yetishmasligi aniqlangan. «Tekshiruv yakunida 5000−6000 terminal yetmasligi aniqlanishi ehtimol», – deyishgandi soliqchilar.

Qisqa muddat, ya’ni 14 kun mobaynida bunday tanqislikning o‘rnini to‘ldirish imkoni bo‘lmagan ko‘rinadi. Shunga ko‘ra, 1 martdan terminali yo‘q chakana savdo va pulli xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari faoliyat yuritishlari noqonuniy hisoblanadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: terminal olishni xohlayotgan, ammo terminalni ololmayotganlar nima qilsin?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.