O‘zbekistonlik mobil aloqa abonenti bir oyda qirg‘izistonliklardan to‘rt barobar kam internet ishlatadi

O‘zbekistonlik mobil aloqa abonenti bir oyda qirg‘izistonliklardan to‘rt barobar kam internet ishlatadi

O‘zbekiston mobil operatorlari abonentlari telefondagi so‘zlashuvlar bo‘yicha mintaqada yetakchi, biroq internetdan foydalanish bo‘yicha hali u qadar faol emas, deb yozadi Daryo.uz. Bu haqda «Bilayn-O‘zbekiston» kompaniyasi bosh direktori Dmitriy Shukov Xalqaro press-klubning 16 avgust kuni bo‘lib o‘tgan anjumanida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘izistonlik foydalanuvchi bir oyda internetdan o‘zbekistonlik foydalanuvchiga nisbatan qariyb to‘rt barobar ko‘proq foydalanadi. Shukovning fikricha, internet tariflarining qimmatligi — muammoning bir jihati, xolos.

MOU deb ataladigan, «Foydalanuvchi sarflagan daqiqalar» degan tushuncha bor. Haqiqatan ham O‘zbekiston mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha mintaqada yetakchi; Bangladeshda ham shunaqaroq manzara — u yerda ham odamlar telefon orqali muloqot qilishni yaxshi ko‘radi.

Lekin, afsuski, boshqa muammo bor: hozircha O‘zbekistondagi foydalanuvchilar internetni ko‘p «iste’mol qilayotgani» yo‘q. Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, hozircha o‘zbekistonlik bir foydalanuvchi oyiga o‘rtacha 400—450 megabayt sarflayapti.

Masalan, Rossiyada bu ko‘rsatkich 5 gigabaytdan oshib ketgan, hatto qo‘shni Qirg‘izistonda ham bir foydalanuvchi o‘rtacha 1,7 gigabayt ishlatmoqda. Ya’ni, Qirg‘izistondagi foydalanuvchi O‘zbekistondagidan qariyb to‘rt barobar ko‘proq internet «iste’mol qilyapti». Tariflarning qimmatligi — muammoning bir jihati, xolos.

Hozir biz data-servislarni ishga tushirib, rivojlantirish, yangi platformalarni targ‘ib etishdan juda manfaatdormiz. Biroq buning uchun aholi internetga kirishdan qo‘rqmasligi, internetning o‘zi qimmat bo‘lmasligi, odamlar megabaytlarni hisoblab o‘tirmasligi va juda muhim hisoblangan bu xizmatdan foydalanishga yanada ko‘proq odatlanishi lozim.

Dmitriy Shukov, «Bilayn-O‘zbekiston» bosh direktori


Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.