UzCard barcha plastik karta egalarini Telegram’dagi firibgarlikdan ogohlantirmoqda

  •   DiMaX
  •  3125
  •  26.03.2018 15:10

UzCard barcha plastik karta egalarini Telegram’dagi firibgarlikdan ogohlantirmoqda

Bugungi kunda pul mablag‘larining plastik karta orqali muomalasi hayotimizga chuqur kirib kelgan. Bank plastik kartasi orqali onlayn rejimida o‘z hisobingizni boshqarishingiz, to‘lov va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishingiz, shuningdek, bularning barchasini mobil ilova orqali qilishingiz ham mumkin.

Ammo shunisi ham borki, mablag‘larning naqd pulsiz aylanmasida xavfsizlik masalasiga o‘zgacha yondashish kerak bo‘ladi. Plastik kartadagi mablag‘laringizning xavfsizligini ta’minlash uchun, avvalo, uning dastlabki PIN-kodini murakkabrog‘iga almashtirishingiz, keyin bu kodni hech kimga bermasligingiz kabi choralar zarur. Bular haqida quyidagi maqolamizda batafsil to‘xtalganmiz:

O‘QING: Firibgarlar qarmog‘i. Plastik kartadagi pullaringiz joyidami?

Bugun esa plastik kartadan foydalanish bilan bog‘liq yana bir turdagi firibgarlik haqida ogohlantirmoqchimiz. Aniqrog‘i, shunday holatni UzCard kompaniyasi payqab qolib, barcha plastik karta sohiblari uchun e’lon qilgan ogohlantiruv xabarining mazmunini keltirmoqdamiz.

Gap shundaki, firibgarlar endi O‘zbekistonda keng ommalashgan Telegram tarmog‘i orqali «faoliyat» yurita boshlashgan. UzCard kompaniyasining aniqlashicha, ushbu messenjerda plastik karta egalarining pul tikishlari ortidan noqonuniy biznes bilan shug‘ullanuvchi shubhali kanallar mavjud ekan. Ular Telegram foydalanuvchilaridan o‘z plastik kartasidagi pul mablag‘larini boshqa karta hisobraqamiga o‘tkazishlarini taklif etadi va ma’lum muddatdan so‘ng shu mablag‘ni 20 foizlik foyda bilan qaytarishni va’da qiladi.

Ta’kidlash o‘rinliki, bunda pullarning aytilgan vaqtda va miqdorda qaytarilishiga hech qanday kafolat berilmaydi, natijada soddadil kishilar tikkan pullaridan ajralib qolishlari xavfi yuqori.

O‘QING: OLX.UZ’dagi arzon ayfonga uchib, 500 dollarga chuv tushgan hamyurtimiz

Shu bois, UzCard kompaniyasi barcha plastik karta egalarini ogohlantirib, shu kabi e’lonlarga duch kelgan taqdirda Yagona umumrespublika protsessing markaziga xabar qilishga chaqiradi. Bu kabi shubhali xizmatlarga ishonch bildirib, siz internet-firibgarlik qopqoniga tushishingiz mumkin, shuningdek, bunday usullarda amalga oshirilgan o‘g‘irlik holatlari uchun o‘zingiz mas’ul bo‘lasiz, deyiladi ogohlantiruv xabarida.

Firibgarlarga ishonib, bank plastik kartangizdagi mablag‘laringizdan ajralib qolmang! Shuningdek, bu kabi holatlarda aldanib qolmasliklari uchun, mazkur xabarimizni do‘st va yaqinlaringizga ham ulashing!

O‘QING: Click bilan qiliq qilgan hisobchi qo‘lga olindi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!