UZIMEI, internet, mobil aloqa, raqamlashtirish bo‘yicha va boshqa savollarga AKT vazirligi javob berdi

  •   DiMaX
  •  1407
  •  05.11.2019 11:40

UZIMEI, internet, mobil aloqa, raqamlashtirish bo‘yicha va boshqa savollarga AKT vazirligi javob berdi

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2019 yil 4 noyabr kuni matbuot anjumani o‘tkazdi, deb yozadi Xabar.uz nashri. Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Q.Yuldashev hamda vazirliklik tizimidagi boshqa mutaxassislar jurnalistlarning savollariga javob berishdi.

O‘QING: O‘zbekistonda simli va mobil internetni kengaytirishga ZTE yordam beradi

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimiz bo‘ylab 786,0 ming portli keng polosali texnologiyalarga asoslangan uskunalar o‘rnatilib, sig‘imi 1,87 mln. portga yetkazilgan, shundan 125 ming port (16 foiz) 330ta qishloq joylariga to‘g‘ri kelgan. 9 000 km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 35,6 ming km.ga yetkazilgan, 3 117 ta maktab, 1646 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 962 ta tibbiyot muassasasi optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrab olingan, 201 ta davlat xizmatlari markazlari ob’yekti, 544 ta sud ma’lumotlar uzatish tarmog‘iga ulangan.

«2019 yili 2000 kilometrli rejani yil oxirigacha 10 000 kilometrga bajaryapmiz. 2020 yilda esa ko‘rsatkich ikki baravar oshadi: 20 000 kilometrga yaqin optik tolali liniyalar quramiz. Shunda O‘zbekistonda raqamli infratuzilmadan foydalanuvchilarning soni o‘rtacha 65 foizga yetadi», – dedi Qahramon Yuldashev.

Mobil aloqa operatorlari tomonidan 1 605 ta baza stansiyasi o‘rnatilib, tarmoq modernizatsiya qilindi, shundan 132 tasi «Obod qishloq» dasturi hududlariga to‘g‘ri keladi.

O‘QING: Speedtest sinovidan «jonli» video: O‘zbekistonda qaysi uyali aloqa operatorining interneti eng tezkor?

Qahramon Yuldashev mobil aloqa sifati past yoki haligacha aloqa yetib bormagan hududlar bo‘yicha berilgan savolga ham javob berib o‘tdi. Aytilishicha, vazirlik vakolatli organ sifatida har bir operatorning istiqbolli rejalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat qilmagan taqdirda ham, monitoring qilib boradi va operatorlarning tarmoqni rivojlantirish rejasi vazirlik bilan kelishiladi. Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda mobil aloqa yetib bormagan 478 ta aholi punkti bor.

«Bularning hammasini bir yilning o‘zida qamrab olish ham texnik, ham moliyaviy tomonlama oson emas, shuning uchun ham biz buni yillarga bo‘lganmiz. 2019 yilning o‘zida umuman hech qanaqa aloqa yo‘q aholi punktlarini 5 ta mobil aloqa operatoriga taqsimlab berdik. Har oyda ular hisobot berib boradi», – dedi Qahramon Yuldashev.

O‘QING: Mobil operatorlar bizdan nimani yashirmoqda?

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar, telekommunikatsiya tarmoqlari operator va provayderlari tomonidan 650 dan ortiq Wi-Fi tarmog‘i orqali internetga ulanish nuqtalari o‘rnatilib, ishga tushirilgan.

Milliy UZ domenida ro‘yxatdan o‘tgan faol domenlar soni 71 mingdan oshgan.

UZIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mobil qurilmalar soni 2019 yilning 1 aprelidan 1 noyabriga qadar qariyb 29 mln.taga yetdi. Shu o‘rinda IMEI kodlarining ro‘yxatga olinishi bilan foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari yig‘ilib, telefonlar kuzatilishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gap-so‘zlarga ham izoh berildi. Ta’kidlanishicha, tizimning funksiyalaridan foydalanish tartiblari bitimda ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, operator mustaqil ravishda biror bir fuqaroga tegishli bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlarni uchinchi shaxsga berishga haqli emas. Faqatgina Ichki ishlar vazirligining bitim doirasidagi, ya’ni reglament doirasidagi tartiblar bo‘yicha ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.

O‘QING: IMEI-kodlar masalasi «GSMA Mobile 360 – Evroosiyo» tadbirida ham muhokama etildi

O‘zbekistonda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishni rivojlantirish yo‘nalishida ham bir qator ishlar amalga oshirilgani aytildi, jumladan, Hindistonning dasturiy texnologiyalar texnoparki bilan hamkorlikda shu yilning 24 iyul kuni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki (IT-park) ishga tushirildi. Undagi rezidentlar soni 300 dan oshgan.

Matbuot anjumanida, qolaversa, pochta sohasini rivojlantirish, Prezidentimiz tomonlaridan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning 3-tashabbusi doirasida aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan ishlar hamda ham ma’lumot berildi. Xususan, respublika bo‘yicha 18 ta IT-tadbirkorlik va raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etilgan.

Yuqoridagi barcha ishlar bevosita kadrlar soni va salohiyatiga bog‘liq. Hindiston bilan hamkorlikning yaqqol nishonalaridan biri shu yilning sentyabr oyida Toshkentda Amiti universiteti filiali ochilishi bo‘ldi. Hozir bu yerda 502 nafar talaba o‘qitilyapti.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ham xorij bilan hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan: ayni paytda 16 nafar chet ellik professor-o‘qituvchi bu yerda dars beryapti. Bundan tashqari, universitetda O‘zbek-Belarus qo‘shma fakulteti tashkil etilib, 2019/2020 o‘quv yilida 505 nafar talaba o‘qishga qabul qilingan.

O‘QING: Internet tezligi nega ko‘rsatilganidan past? «O‘zbektelekom» rasman izoh berdi!