UzIMEI: «Jallod choychaqasi» va «tishsiz» Parlament haqida

  •   DiMaX
  •  821
  •  09.07.2021 16:40

UzIMEI: «Jallod choychaqasi» va «tishsiz» Parlament haqida

Bugungi kunda O‘zbekistonda yangi mobil qurilmalar xaridorlariga turli tashvishlar orttirayotgan masalalardan biri IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazishdir. Avvalroq biz shu jarayonni tekin qilish haqidagi jamoatchilik murojaati «Mening fikrim» portalida kerakli ovoz to‘plaganiga qaramay, bir yildan buyon e’tiborsiz qolayotgani haqida Xushnudbek Xudoyberdiyevning fikrlarini keltirgan edik. Mazkur bloger keyinchalik ham...

O‘QING: UZIMEI tizimi haqida huquqshunos: «Shu pullarni xalqni qiynamasdan olsalaringiz bo‘lmaydimi?»

Xushnudbek Xudoyberdiyev yana o‘zining Telegram-kanalida shu haqda yozdi:

O‘rta asrlarda «Jallod choychaqasi» degan atama bo‘lgan. Boshi tanasidan judo qilinadigan insonlar o‘limidan oldin jallodga choychaqa berib, «Iltimos, boltangizni o‘tkirroq qilib charxlasangiz, boshimni ko‘p qiynamasdan uzib tashlang», deb so‘rashgan. Ya’ni odamlar o‘limga shundoq ham rozi bo‘lgan, faqat qiynalmasdan o‘ldirishlarini xohlagan.

Bugungi kunda ham ayrim masalalarda bu xohish aktual bo‘lib turibdi. Masalan, UzIMEI tizimi aholiga «telefon solig‘i» joriy qilgan, to‘lagan soliqlarimizning ustiga yana «soliq» oladi. UzIMEI tizimi to‘lovini bekor qilish haqidagi petitsiyani 10 mingdan ortiq kishi imzoladi, ammo Parlamentning qo‘lidan hech vaqo kelmadi. Na Senat, na Qonunchilik palatasining «tishi o‘tmadi». Albatta-da, yo‘q joydan bir necha yuz milliard pul topayotgan tizimga Parlamentni «tishi o‘tarmidi»?

Ammo aslida normal jamiyatlarda aholiga solinadigan bunaqa majburiy to‘lovlarni Vazirlar Mahkamasi emas, Parlament joriy qilishi kerak. Hech bo‘lmasa, birinchi bosqichda majburiy to‘lov joriy qilinadigan Hukumat qarorlari Parlament tasdiqlagach, keyin kuchga kirishi kerak. Shunda balkim ijro organi «tonirovka» uchun salkam 20 mln so‘mlik to‘lov joriy qilayotganda deputat va senatorlar «E, insof bormi, nima degan gap bu?» deyishi mumkin bo‘lardi.

Ammo bunga ham ishonish sal qiyin. Masalan, o‘sha deputat va senatorlar ruxsatsiz «tonirovka» o‘rnatganlar uchun mantiqsiz ravishda bir necha million so‘mlik eng qimmat jarimani g‘ing demasdan, qo‘l ko‘tarib, tasdiqlab berishgan.

Yana UzIMEI mavzusiga qaytsak. Bu tizim aholiga «soliq» solgani yetmaganday, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlanishi, ro‘yxatdan o‘tishda byurokratik va mantiqsiz to‘siqlar qo‘yilishi, tizimning ishonchsizligi oshib tushmoqda. Shunaqa payti o‘rta asrlardagi «jallod choychaqasi» prinsipi yodimizga tushadi:

Baraka topgurlar, mayli, pul olsanglar olinglar, faqat iltimos, shu pulni xalqni qiynamasdan olinglar.

Nahotki shuni qilish ham qiyin bo‘lsa?!

O‘QING: UZIMEI binosidagi «bardak» haqida bloger: «Buni o‘ylab topganlar – islohotlarning dushmani!»