UZIMEI tizimi bepul bo‘ladimi? O‘z qarorini 1 yildan buyon ijro qilolmayotgan Parlament haqida

  •   DiMaX
  •  898
  •  18.02.2021 15:19

UZIMEI tizimi bepul bo‘ladimi? O‘z qarorini 1 yildan buyon ijro qilolmayotgan Parlament haqida

IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazishni tekin qilish haqidagi jamoatchilik murojaati «Mening fikrim» portalida kerakli ovoz to‘plaganiga qaramay, bir yildan buyon e’tiborsiz qolyapti. «Bu qanday parlament bo‘ldiki, o‘zi tasdiqlagan hujjat ijrosini ta’minlay olmasa?» deya savol qo‘ydi bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

O‘QING: IMEI-kodlar davlatni qanchaga boyitganini bilasizmi?

Bundan roppa-rosa 1 yil avval «Mening fikrim» portalida IMEI-kodlarni ro‘yxatga olishda to‘lov undirishni bekor qilish bo‘yicha petitsiya e’lon qilingan edi. Mazkur petitsiya bor-yo‘g‘i 3 soat ichida kerakli ovoz (10 ming)ni to‘plangandi. Bugunga kelib bu ovozlar soni qariyb 25 mingga yaqinlashdi.

Jamoaviy murojaatning so‘rov qismida aniq va tiniq qilib «IMEI kodlarini ro‘yxatga olishda to‘lovlarni bekor qilinishini so‘rayman» deb yozib qo‘yilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlisi Senati Kengashining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan nizom talabiga ko‘ra, Parlament va Hukumat nomiga yo‘llangan murojaat kamida o‘n mingta qo‘llab-quvvatlovchi ovozni olganda u belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi hamda murojaatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror moderator tomonidan 60 kundan oshmagan muddat ichida «Mening fikrim» veb-portaliga joylashtirilishi lozim.

Ammo oradan 365 kun o‘tgan bo‘lsa-da, murojaat hamon «Ko‘rib chiqish jarayonida» turibdi.

Bu qanday Parlament bo‘ldiki, aynan o‘zi tasdiqlagan, yuridik kuchi bo‘yicha qonunga teng hujjatning ijrosini ta’minlay olmasa?!

Nega minglab fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan, xalq uchun emas faqat ma’lum idoralarning manfaatlari uchungina amal qilib turgan bu tartibni bekor qilish choralari ko‘rilmadi?

O‘QING: UZIMEI binosidagi «bardak» haqida bloger: «Buni o‘ylab topganlar – islohotlarning dushmani!»

Ertaga tushunmovchilik bo‘lmasligi uchun aniqlashtiraman: gap IMEI tizimini butunlay bekor qilish haqida ketmayapti, chunki bu tizim orqali qora bozorga ancha chek qo‘yildi (100% bo‘lmasa ham), rasmiy sotuv ko‘paydi va o‘z-o‘zidan davlat byudjetiga juda katta miqdorda soliqlar tushishni boshladi. Shu sababli bu tizim qolishi tarafdoriman, faqat ro‘yxatdan o‘tkazish BEPUL, mantiqiy va ortiqcha byurokratiyasiz bo‘lsin.

Endi Sizlarga savol, hurmatli SENATOR va DEPUTATLAR: chegarachi, bojxonachi va soliqchilar o‘z ishini eplolmayotgani uchun, ya’ni noqonuniy telefonlar kirib kelishini oldini olisholmayotgani uchun o‘ylab topilgan UZIMEI tizimi nega xalqqa pullik bo‘lishi kerak? Nega?! Hukumat ham byudjetga yuz milliardlab soliq tushirsin, ham xalqdan yuz milliardlab to‘lov (bu ham soliq aslida) undirsinmi? Yaxshi buzoq ikkita sigirni emadi, deganimi bu? Sizningcha, shu adolatdanmi?

Ko‘zbo‘yamachilik uchun ochilgan «Mening fikrim» portalining nima keragi bor unda? Baribir Parlament u yerdagi masalalarni hal qilishni eplolmayotgan bo‘lsa?

Xullas, o‘tgan yili mas’ullarga qarata aytgan gaplarim yana qaytaraman:

«Agar Sizga jamoatchilik fikri qiziq bo‘lsa, unda to‘lovlarni bekor qilasiz. Agar Sizga jamoatchilik fikri mutlaqo qiziq bo‘lmasa, unda bilganingizni qilavering!»

O‘QING: IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha aniq va lo‘nda qo‘llanma

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!