Uzoq kutilgan Xiaomi Mi Mix 4 chiqdi: yashirin kamera, Snapdragon 888+, 108 Mp, 4500 mAs va 120 Vt!

  •   DiMaX
  •  1808
  •  11.08.2021 12:03

Uzoq kutilgan Xiaomi Mi Mix 4 chiqdi: yashirin kamera, Snapdragon 888+, 108 Mp, 4500 mAs va 120 Vt!

Xiaomi korporatsiyasi 2019 yilning oxirida fantastik narxdagi Mi Mix Alpha flagmanini taqdim qilgan edi. Nihoyat, oradan shuncha vaqt o‘tib, mazkur turkumning keyingi vakili – Xiaomi Mi Mix 4 ham rasman namoyish etildi.

O‘QING: Xiaomi yana inqilobiy smartfon yaratdi: umuman port va tugmachasiz, to‘rt tomoni «sharshara» displey... («jonli» video)

Xiaomi Mi Mix Alpha sotuvga rasmman chiqarilmagan, lekin uni... naq 140 000 dollardan sotishayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Undan oldingi Xiaomi Mi Mix 3 slayderi esa 2018 yili taqdim etilganini hisobga olsak, Xiaomi Mi Mix 4 ushbu seriyaning ikki yarim yil deganda bozorga chiqarilayotgan yangi vakilidar.

Ushbu qurilma kompaniyaning yashirin old kamerali birinchi smartfonidir – uning ekranosti selfi-sensori faqat zarurat holatidagina ko‘rinadi.

Xiaomi Mi Mix 4 rasmiy taqdimoti arafasida uning deyarli barcha xususiyatlari ro‘yxati internetga chiqib ketgan va ular bilan mana bu xabarimizda tanishib chiqish mumkin. Hozir esa flagmanning taqdimotda asosiy urg‘u berilgan jihatlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Smartfon diagonaliga 6,67 dyuymlik OLED-ekranga ega va u Full HD+ formatida (2400x1080 piksellik aniqlikda) tasvir uzata oladi. Yuzasiga eng mustahkam – Gorilla Glass Victus himoya shishasi yotqizilgan displeyning kadr yangilanish chastotasi 120 gersgacha boradi. Ekranosti old kameraning aniqligi esa 20 megapikselni tashkil etadi.

Xiaomi Mi Mix 4 bosh kamerasida asosiy datchik sifatida 108 megapiksellik, optik formati 1/1,33 dyuymlik ISOCELL Bright HMX sensori qo‘llangan. Uning yuzasiga o‘rnatilgan keng burchakli ob’yektiv esa yettita unsurdan tashkil topgan va asosiy kamera tasvirni optik barqarorlashtirish tizimi bilan ta’minlangan.

Bosh kamera jamlanmasidagi ikkinchi – 8 megapiksellik periskop kamera esa telefotomodul bo‘lib, naq 50 karralik raqamli hamda 5 karralik optik zumni ta’minlay oladi. Uchinchi sensor bo‘lsa 13 megapiksellik aniqlikka hamda 120 ko‘rish burchagi darajani tashkil etuvchi keng burchakli ob’yektivga ega.

O‘QING: Android-smartfon kamerasidan 100 foiz foydalanishning 10 ta usuli

Xiaomi Mi Mix 4 apparat ta’minoti asosini Qualcomm kompaniyasining eng qudratli – 3 gigagersgacha chastotada ishlay oluvchi Snapdragon 888 Plus chipseti tashkil etadi. Smartfonda tezkor xotira sifatida 6400 Mbit/soniya tezlikda ishlay oluvchi LPDDR5 chipi qo‘llangan, doimiy xotira chiplari ham yangi avlod – UFS 3.1 toifasiga mansub.

Devaysning akkumulyatori 4500 mA/soatlik va u simli usulda 120 vattlik, simsiz usulda esa 50 vattlik texnologiya bo‘yicha quvvatlana oladi.

Xiaomi Mi Mix 4 korpusining qalinligi 8,02 millimetrga, teng va u 225 gramm tosh bosadi. Ishlab chiqaruvchi bu smartfonining Harman Kardon stereodinamiklarini, UWB aloqasini qo‘llab-quvvatlashini, NFC, Wi-Fi 6 hamda Bluetooth 5.2 interfeyslarini ham ta’kidlagan.

Smartfon orqa paneli keramikadan ishlangan bo‘lib, oq, qora va kul rang variantlarda taklif etiladi. Kompaniya uni 16 avgustdan boshlab o‘z yurtida, tezkor/doimiy xotira konfiguratsiyasiga bog‘liq holda quyidagi narxlarda sota boshlaydi:

  • 8/128 gigabaytligi — 771 dollar
  • 8/256 gigabaytligi — 817 dollar
  • 12/256 gigabaytligi — 894 dollar
  • 12/512 gigabaytligi — 972 dollar

Xiaomi Mi Mix 4 boshqa mamlakatlar bozorlariga qachon va qanday narxlarda taqdim etilishi hozircha noma’lum, O‘zbekistonda sotilayotgan Xiaomi smartfonlarining Mediapark.uz, Asaxiy.uz, Openshop.uz hamda Olcha.uz onlayn do‘konlaridagi narxlari bilan esa mana bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin.

O‘QING: Eng qudratli Android-flagmanlar global reytingida yangi qirol! (Antutu, 2021 yil iyul)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!