Vafot etgan Samsung rahbarining merosxo‘rlari rekord miqdorda soliq to‘laydi

  •   DiMaX
  •  752
  •  27.10.2020 08:17

Vafot etgan Samsung rahbarining merosxo‘rlari rekord miqdorda soliq to‘laydi

Shu yilning 25 oktyabr kuni Samsung konserni raisi Li Gon Xi vafot etgan va undan 15,6 milliard dollarlik aktivlar meros qolgan edi. Endi esa merosxo‘rlar rekord darajada katta miqdorda – ushbu mablag‘larning naq yarmini soliq tarzida to‘lashiga to‘g‘ri keladi, deb yozadi Daryo nashri.

O‘QING: Stiv Jobsning bolalariga buyurmagan boyligi Telegram’ga tikildi!

Li Gon Xi bu merosni bevasi va uch farzandiga qoldirgan. Uning o‘g‘li Li Chje Yon oxirgi besh yildan buyon Samsung’ni boshqarmoqda, shuningdek, milliarderning ikki qizi – Li Bujin va Li So Xyon ham bor.

Konsernning marhum rahbari Samsung Electronics Co. flagman kompaniyasining 4,18 foiz aksiyalari, shuningdek, 0,08 foiz imtiyozli aksiyalariga egalik qilardi. U Samsung Life Insurance Co.ning 29,76 foiz aksiyalari, Samsung C&T Corp.ning 2,88 foiz va Samsung SDS Co’ning 0,01 foiz aksiyalari egasi edi.

Li vafotidan keyin 18 trillion vonlik aktivlar (taxminan, 15,6 milliard AQSh dollari) meros bo‘lib qolmoqda. Yonhap’ning soliq tizimidagi ekspertlarga tayangan holda axborot berishicha merosxo‘rlar aksiyalar uchun taxminan 10 trillion von (8,87 milliard dollar) to‘lashi talab etiladi.

Samsung rahbarining oilasi ushbu soliqlarni bir necha yil davomida to‘lash huquqiga ega: Janubiy Koreya qonunchiligiga ko‘ra to‘lovlar besh yil va undan ortiq muddatda bo‘lib to‘lanishi mumkin. Avval 2018 yilda vafot etgan LG Group rahbari Ku Bon Muning merosxo‘rlari soliqlarni shunday tarzda to‘lagandi.

Li Gon Xi 78 yoshda vafot edi. U 2014 yilda yurak xurujiga uchragan, shundan keyin milliarderning sog‘lig‘ida muammolar kuzatila boshlagan edi. Li sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab konsern boshqaruvini o‘g‘liga topshirgan.

Li Gon Xi — Samsung asoschisi Li Ben Chxolning o‘g‘li. U 1987 yilda otasining vafotidan keyin kompaniya boshqaruvini qabul qilib olgan, 1993 yildan boshlab g‘arbcha siyosat asosida korporativ islohotlarni amalga oshirgandi. Li boshqaruvi ostida Samsung 25 yil ichida Koreya ishlab chiqaruvchisi darajasidan jahon bozorida elektrotexnika mahsulotlari bo‘yicha yetakchi kompaniyalar qatoriga kirgan.

O‘QING: Dunyodagi eng qimmatbaho brendlar (Interbrand reytingi, 2020 yil)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!