Vazir o‘rinbosari Facebook, YouTube va VKontakte ishidagi uzilishlar sababini aytdi

  •   DiMaX
  •  1512
  •  19.10.2018 10:34

Vazir o‘rinbosari Facebook, YouTube va VKontakte ishidagi uzilishlar sababini aytdi

Xabaringiz bor – keyingi paytlarda Facebook hamda «VKontakte» ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube videoxostingi ishida uzilishlar kuzatilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov buning taxminiy sababini aytdi, deb yozadi «Gazeta.uz» nashri.

O‘QING: Yana nima bo‘ldi: YouTube butun dunyoda ishlamay qoldi

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu texnik uzilishlar tashqi internet-kanal sig‘imini oshirish uchun yangi uskunalarning o‘rnatilishi sababli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mazkur loyihani noyabr oyi oxirigacha yakunlashni rejalashtirmoqda.

«Biz internet tezligini oshirish loyihasini amalga oshirishni yakunlamoqdamiz. O‘ylaymanki, noyabrning so‘ngiga borib fuqarolarimiz haqiqatan ham natijani his etishadi... Ayni damda zaruriy apgreyd uchun bir qator uskunalar xarid qilinmoqda. Texnik uzilishlar uskunalarni sinab ko‘rish, aprobatsiya qilish va sozlash sababli kelib chiqqan bo‘lishi mumkin», – deya ta’kidlagan Olimjon Umarov.

O‘QING: Yil oxirigacha internet tezligi qanchaga oshadi? Yo‘l xaritasini tomosha qiling!

«Telekommunikatsion infratuzilmani modernizatsiya qilish talab etiladi, bu esa xalqaro kanallardagi internetga chiqishni ta’minlaydi. Biz bu bilan to‘xtab qolmaymiz, oldimizda yanada rivojlanish vazifalari turibdi. Biz raqamli iqtisodiyot masalasini muhokama qildik, uning asosiy resursi – raqamli ma’lumotlardir. Agarda munosib telekommunikatsion infratuzilma, yuqori tezlikdagi to‘siqsiz internet bo‘lmasa, bu yangilanishlar bir pul – bularning bari qog‘ozda qolib ketadi», deya ta’kidladi vazirning birinchi o‘rinbosari.

O‘zbekistonda YouTube videoxostingiga kirishdagi muammolar oktyabr oyining boshida boshlangandi. Ungacha Facebook tarmog‘iga kirishda ham muammolar bo‘lgan. «VKontakte» foydalanuvchilari esa bir oydan buyon mediakontentning aks ettirilishi va ijrosi bilan bog‘liq muammolarga duch kelishmoqda.

O‘QING: «Internet o‘charmish»: haqiqatmi yoki tuturiqsiz afsona

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.