Oyligi 30 mln so‘mdan oshiq veb-dizayner: «IT'ni rivojlantirolsak, AES ham kerak bo‘lmay qoladi» (+video)

  •   DiMaX
  •  1875
  •  12.01.2021 15:19

Oyligi 30 mln so‘mdan oshiq veb-dizayner: «IT'ni rivojlantirolsak, AES ham kerak bo‘lmay qoladi» (+video)

Dasturlash va grafik dizayn – talab ham, shunga yarasha daromadi ham eng yuqori kasblar qatorida. Dasturchilar insonlar hayotini osonlashtiruvchi mahsulot ishlab chiqsa, dizaynerlar bu mahsulotlarning siz u bizga ko‘rinadigan interfeysini yaratadi.

O‘QING: Veb-dasturchilar bilan veb-dizaynerlarning farqi nimada?

Kun.uz muxbiri «Optimist» ruknida yosh veb-dizayner Jamshid Xoliqulov bilan suhbatlashgan. Suhbat mutaxassisning UI/UX dizaynga qanday kirib kelgani, sohadagi daromad va O‘zbekistonni raqamlashtirish kabi mavzularda kechdi.

«Ham jurnalist, ham grafik dizayner bo‘lib ishlardim»

– User Interface (UI) va User Experience (UX) yo‘nalishida 5–6 yildan beri faoliyat olib boraman. Soddaroq aytganda, dasturiy mahsulotlar (mobil ilovalar va veb-sahifalar) dizaynini chizaman.

Barchasi qiziqishim, hobbi sifatida boshlangan. Hozir professional darajaga chiqish arafasidaman. Asli mutaxassisligim esa jurnalist. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tugatganman.

Talabalik paytimda jurnalistikada biroz muddat ishladim. Shu bilan birga, grafik dizayn sohasini ham o‘rganganman. Chunki aynan men o‘qigan vaqtda – 2012–2013 yillarda butun dunyo media sohasida ma’lumotlarni infografika shaklida berish ommalasha boshlagandi. Jurnalist auditoriyaga yetkazmoqchi bo‘lgan ma’lumotni shunaqa tarzda berishi uchun grafik dizaynni tushunishi kerak. Sifatli kontent yaratish uchun esa ham jurnalistikani, har grafik dizaynni birday olib ketishga harakat qildim.

2015 yilda faoliyatimni to‘liq grafik dizaynda davom ettirishga qaror qildim. Bunga asosiy sabab – jurnalistikadan ko‘ra, grafik dizaynda ko‘proq pul topishim. Tushunib yetdimki, jurnalistikada dizaynerlikdan ko‘ra kamroq natijaga erisharkanman.

O‘QING: O‘zbek yigiti qanday qilib Amazon kompaniyasi xodimiga aylangani haqida

«Bir oylik daromadimni bir kunda topganman»

– O‘qish paytida 500 ming so‘m stipendiya («besh»ga o‘qiganman­) va jurnalist sifatida yarim stavkada ishlab yana 500 ming, ikkisini qo‘shganda oyiga 1 million atrofida daromadim bo‘lardi. Dizaynerlikda esa bir kunda bitta loyiham uchun shuncha pul olgandim: logistika va tibbiyot yo‘nalishidagi kompaniyaga identika (logotip va boshqa grafik unsurlar stili) qilib berganman, bir kunda chizib berganman, ularga yoqqan va to‘lovni amalga oshirishgan.

Keyinchalik, 2015–2016 yillarda MyTaxi kompaniyasiga ishga chaqirishdi. Aynan veb-dizayn, User Interface yo‘nalishi bo‘yicha. Bilsangiz, hamma IT-kompaniyalar doim o‘ziga kadr qidiradi, yaxshi kadrlarni kuzatib boradi. Meni MyTaxi rahbarlari kuzatishgan ekan (men blog yuritardim). Birinchi haftada suhbatdan o‘tolmaganman. Bu menga juda qattiq ta’sir qildi va 3 oy mobaynida veb-dizayn, UI (user interface) nimaligini chuqur o‘rganib, shug‘ullandim.

2015 yilda Inha universitetida MyTaxi kompaniyasining startapi bo‘ldi. O‘shanda vazifa berishdi va uni bajardim, ularga ishim ma’qul keldi va kompaniyada ish boshladim.

Oylik daromadim? Bu sir. 30 million so‘mdan ko‘pmi-kammi? Ko‘p.

O‘QING: Dasturlashni o‘rganuvchilar uchun onlayn resurslar to‘plami

Veb-dizaynni mustaqil o‘rgansa bo‘ladimi?

– Shu sohaga e’tibori yuqori, shu yo‘nalishda o‘z talanti borligini his qilgan odamlar mustaqil o‘rgana oladi. Men juda ham qattiq qiziqqanim uchun o‘rganoldim.

Veb-dizaynga endi kirib kelayotgan bolalar ham dastlab o‘zlari mustaqil o‘rganib ko‘rishlari, qandaydir darajaga chiqishlari lozim, deb o‘ylayman. Shundan keyin studiyaga yoki biror kompaniyaga ishga kiradi va tajribasi orta boshlaydi. Agar talanti bo‘lmasa, baribir 1–2 yilda bu sohadan chiqib ketadi.

Odam shu ishda talanti borligini qachon sezadi? Avvaliga qilgan ishlaringiz sifatli chiqmasligi mumkin, bu hammada bo‘ladigan normal holat. Sohani o‘rganishga ishtiyoqingiz bo‘lsa, boshqa kundalik tashvishlarni unutib, shu ish bilan mashg‘ul bo‘lsangiz, shuning o‘zi talantingiz borligini ko‘rsatadi va bu talant vaqt o‘tishi bilan ko‘rina boshlaydi.

Baribir yutuqning 90 foizi – mehnat. Talanti bo‘lmasa ham, mehnati orqali yaxshi natijaga erishganlar juda ham ko‘p.

O‘QING: Dizayner uchun rang tanlash bo‘yicha maslahat

«Mobil bank dasturi dizaynini tayyorlashga 1–2 oy vaqt ketadi»

– Mobil bankingni misol qilib olsak, o‘rtacha kattalikdagi (150ga yaqin sahifaga ega) ilova dizayni 1 oydan 2 oygacha bo‘lgan muddatda tayyor bo‘ladi.

Buyurtmachi loyihani qanday tasavvur qilayotganini tushunib olishimiz muhim. Ular bilan gaplashib, loyiha haqida tasavvurga ega bo‘lgach, shu yo‘nalishda izlanishlar olib boraman. So‘ng ilovaning prototipini yasab, taqdimot shaklida ko‘rsataman. Ma’qul kelsa, keyin asosiy ish boshlanadi. Dizayni tayyor bo‘lgach, ilovani yaratish uchun dasturchiga beriladi.

Hozirgi kunda asosan fintex yo‘nalishidagi ilovalar dizayni bilan shug‘ullanyapman. Orient Finans Bank, Mikrokreditbank, Xalq banki, Trastbank, Turonbank kabi banklar bilan ishlaganman.

Hozir ko‘chaga chiqmay, turli xil to‘lovlarni bemalol telefon orqali amalga oshirish mumkin. Odamlarga bunday qulaylik yaratilishida dasturchilar va veb-dizaynerlarning hissasi katta.

Butun dunyoda oxirgi besh yilda mobil banking juda tez rivojlandi. Agar 2010–2015 yillarda Uber, Yandex Taxi, Lift kabi gigant kompaniyalar eng tez o‘sgan va taksi biznesini yangi darajaga olib chiqqan bo‘lsa, 2015 yildan hozirgacha aynan fintex yo‘nalishidagi loyihalar butun dunyoni qamrab olmoqda.

O‘QING: «Milliardlarga qurilgan dendixona» – dasturchilar Andijon IT-Parkini tark etishdi

Agar bir million dasturchi yetishtirmoqchi bo‘lsak...

– «Bir million dasturchi» loyihasi juda yaxshi boshlangandi, ammo oxirgi paytlarda avvalgidek faol piarni ko‘rmayapman. O‘zbekiston sharoitida bir million dasturchini tayyorlash imkoniyati bor. Lekin bunga ko‘p vaqt ketadi.

Dasturchilar ko‘payishida yoshlarning kompyuter savodxonligi va ingliz tilini bilishi muhim o‘rin tutadi. Faqat Toshkent yoki katta shaharlar markazlaridagi bolalargina dasturlashni o‘rganishyapti, deb o‘ylayman. Ularning soni millionga chiqadigan darajada emas... Asosiy yoshlarimiz – qishloqlarda, tumanlarda. U yerlarda esa kompyuter savodxonligi ham, ingliz tilini bilish darajasi ham yuqori emas.

Aslida, dasturlash – qiyin soha. Matematikani, algoritmni tushuna oladigan, shularga qiziqadigan bolalargina dasturlashga o‘ta oladi. Agar haqiqatan ham bir million dasturchi yetishtirmoqchi bo‘lsak, yoshlarni filtr qilishimiz kerak. Matematika bo‘yicha har yili ko‘p olimpiadalar bo‘ladi, ana shularda qatnashgan bolalarni biroz dasturlashga yo‘naltirsak, kompyuter olib bersak yoki boshqa biror sharoit yaratib bersak, tashviqot olib borishdan ko‘ra natija ko‘proq bo‘ladi.

Qishloqlardagi yoshlarni ham jalb etmay, bir million dasturchini tayyorlab bo‘lmaydi. Masalan, hududlarda dasturlashni o‘rgatuvchi o‘qituvchilarga investitsiya kiritishni boshlasak bo‘ladi. Ya’ni ularga yaxshi oylik berish, kerakli texnikalar bilan ta’minlash va boshqa sharoitlarni yaratib berishni o‘ylasak, o‘rinli bo‘ladi. Shundan keyin o‘sha o‘qituvchilarning o‘zlari iste’dodli bolalarni topa boshlashadi.

O‘rgatadigan odam o‘z ishidan manfaatdor bo‘lishi kerak. Misol uchun, oxirgi besh yilda O‘zbekistonda abituriyentlarni OTMga kirishga tayyorlaydigan o‘quv markazlari soni ishonib bo‘lmas darajada rivojlanib ketdi. Nima uchun? Chunki talab kuchli, manfaat yuqori. Bizda million abituriyent bor.

Xuddi shunday shart-sharoitni dasturlash o‘qituvchilari uchun yarata olsak, bir million dasturchini tayyorlash reallikka ko‘cha boshlaydi. Soha avtomatik tarzda rivojlana boshlaydi. Rivojlanish biz o‘ylaganimizdan tezroq bo‘ladi: dasturchilarni tayyorlash ko‘lami 2–5 yilda tasavvur qilib bo‘lmas darajaga chiqadi, bunga ishonaman.

O‘QING: Dasturchi bo‘lishning 6 yo‘li

«IT-kadrlar tayyorlash AESdan ko‘ra ancha ko‘p foyda keltiradi»

– 2030 yilgacha atom elektr stansiyasini qurishmoqchi. U beradigan foydadan ko‘ra raqamli soha kadrlarimiz beradigan foyda ancha ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Agar mana shu ikki narsani – dasturlash kadrlarini tayyorlash va AES qurishni birdaniga boshlaydigan bo‘lsak va yakunda natijani solishtirsak, barchasi ayon bo‘ladi: bizga AES ham kerak bo‘lmay qoladi. Uni shunchaki o‘chirib qo‘yishimiz mumkin bo‘ladi.

«Xohlasak bas...»

– Shaxsiy fikrim: Agar hamma xohlasa, haqiqatan hamma (!) xohlasa, IT'ni gurkirab rivojlantirish uchun bizga bir yil yetarli deb o‘ylayman.

Bizda resurslar ham bor, yetarlicha kadr ham bor, start olishga tayyor turibmiz. Shunchaki ayrim faktorlar oyoq-qo‘limizni bog‘lab turibdi. O‘sha faktorlarni yo‘qotish – xohishga bog‘liq. Agar xohlasak, bir kunda yo‘q qilamiz; xohlasak, bir haftada. Buni qila olsak, Qozog‘istondan o‘tib ketish bizga hech gap bo‘lmay qoladi.

[…] Buning uchun biz umuman boshqa prinsipda ishlashimiz kerak. Internet, kompyuter, svet bilan bog‘liq muammolarni yechmay turib, million dasturchi haqida gapirib bo‘lmaydi.

O‘QING: O‘zbekistonda internet naq 29 foizga arzonlashdi! (+video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!