Vernee Apollo 2: jahonning eng ilg‘or gadjetini qarshi oling

Vernee Apollo 2: jahonning eng ilg‘or gadjetini qarshi oling

Jahon mobil sanoatining istiqboli va rejalari jam bo‘ladigan Mobile World Congress 2017 anjumaniga oz kunlar qolgan bir paytda, mobil ishlab chiqaruvchilar tomonidan iste’molchilarni hayratda qoldirayotgan innovatsiyalar to‘g‘risidagi xabarlar tez-tez tarqalmoqda. Jumladan, Xitoyning Vernee kompaniyasi ham ushbu yangiliklar oqimidan chetda qolayotgani yo‘q.

Kompaniya avvalgi yili anjumanda MediaTek Helio X20 protsessori, 6 GB operativ xotira va USB Type-C portiga ega ilg‘or smartfonni namoyish qilgan edi. MWC 2017’da esa Vernee birato‘la 5 modeldagi “aqlli telefon”larini olib kelish niyatida.

Apollo 2 flagmani 10 yadroli Helio X30 protsessori, 8 GB tezkor xotiraga ega ilk mobil aloqa vositasi. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, Vernee Apollo 2 ikki versiyada ishlab chiqariladi: 6 GB operativ xotira va 64 GB doimiy xotira hamda 8 GB tezkor xotira va 128 GB doimiy ichki xotiraga ega talqinlarda. Hozircha gadjetning boshqa jihatlari xususida biror gap aytilmagan.

MediaTek Helio X30 protsessori 2016 yilning avgust oyida e’lon qilingan bo‘lib, Helio X20’ning “merosxo‘ri” bo‘ladi. 3 klasterli protsessor 40 MP.gacha bo‘lgan kamera, 24 MP sig‘imli videolarni yozib olishga qurbi yetadi.

MWC 2017 anjumanida namoyish qilinadigan yana bir Vernee Mars Pro smartfoni 8 yadroli Helio P25 protsessori va 6 GB operativ xotira bilan ta’minlangan. Apollo X telefon apparatida Android 7.0 operatsion tizimida ishlaydigan Helio X20 protsessori o‘rnatilgan. Mazkur telefon Xiaomi Redmi Note 4’ning “kushandasi” sifatida e’tirof etilmoqda. Shuningdek, aprel oyida 5 dyuymli Vernee Thor E taqdim etiladi. Uning akkumulyator sig‘imi 5 020 mA soat, korpus qalinligi 8,2 mm va og‘irligi 149 gramm.

Vernee taqdim qilmoqchi bo‘lgan 5-telefon Thor Plus yanada sig‘imdor akkumulyatorga ega. Uning quvvat toshi 6 050 mA soat tokni o‘zida jamlay oladi. Apparatning korpus qalinligi 7,9 mm.Telefon joriy yilning may oyida sotuvga chiqariladi.

MWC 2017 anjumani doirasidagi eng qaynoq xabarlarni Terabaytda kuzatib boring.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!