Vivo Apex 2019 taqdim etildi: Snapdragon 855 chipli, umuman tirqishsiz va tugmachasiz ilk 5G-smartfon!

  •   DiMaX
  •  2146
  •  24.01.2019 18:14

Vivo Apex 2019 taqdim etildi: Snapdragon 855 chipli, umuman tirqishsiz va tugmachasiz ilk 5G-smartfon!

Keyingi paytlarda turli innovatsion yechimlarni yetakchi smartfonsozlardan avval taqdim etib kelayotgan Vivo umuman birorta ham porti va tugmachasi bo‘lmagan smartfon tayyorlaganini aytgandi. Lekin kutilmaganda Meizu ham otni qamchilab qoldi – hamyurtidan avval xuddi shunday qurilmasini taqdim qildi!

O‘QING: Meizu Zero rasman namoyish qilindi – hech qanaqa tugmacha, dinamik, SIM-karta uyachasi va porti bo‘lmagan ilk smartfon!

Nihoyat, bugun kodli nomi The Waterdrop («suv tomchisi») bo‘lgan antiqa smartfon – Vivo Apex 2019 ham maxsus tadbirda rasman namoyish etildi. Uning ko‘p jihatlari Meizu Zero bilan o‘xshash, ammo farqli (va ustun) tomonlari ham bor.

Avvalo, Apex 2019 modelida akkumulyatorni quvvatlash uchun maxsus magnitli konnektor qo‘llangan, u kupertinolik korporatsiyaning MagSafe texnologiyasiga o‘xshab ketadi. Ayni shu konnektor orqali ma’lumot almashish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Smartfon korpusi unibody texnologiyasi asosida ishlangan bo‘lib, Meizu Zero’dan ustunroq ko‘rsatish uchunmi, Vivo ishlab chiquvchilari uni Super Unibody deb atashmoqda. Lekin chindan ham qurilmaning old va orqa panellar o‘zaro shunday bitishib ketganki, umuman choki yo‘q. Smartfonning o‘zi go‘yoki shisha bilan qoplangandek – uni ushlab ko‘rganlar «metall sovun»ga o‘xshatishgani bejiz emas ekan.

Meizu Zero modelida displeyning tepasidagi enligina romda selfi-kamera ko‘rinib turgan bo‘lsa, APEX 2019 ekranining yupqa hoshiyasiga uning sig‘ishi ham qiyin. Negadir taqdimotda Vivo vakillari old kamera haqida hech nima deyishmagan – ishqilib, bu masala tushunarsiz. Smartfonning asosiy kamerasi esa qo‘shaloq – u 12 va 13 megapiksellik datchiklarni o‘z ichiga olgan.

Vivo Apex 2019 eng so‘nggi flagman protsessor – Snapdragon 855 bazasida ishlaydi; unga Qualcomm X50 5G-modemi ham joriy etilgan. Mazkur smartfon tezkor xotirasi ayni damda eng yuqori – 12 gigabayt, doimiy xotirasi esa 256 gigabayt hajmga ega.

O‘QING: Snapdragon 855 va 12/512 GBgacha xotirali ilk smartfon – atigi 390 dollardan boshlanuvchi Lenovo Z5 Pro GT taqdim etildi!

Eng ajoyib jihatlaridan biri – ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, Vivo Apex 2019 modelida barmoq izi skaneri displeyning deyarli barcha yuzasida ishlaydi! Mazkur texnologiya Fullscreen Fingerprint deb nomlanmoqda.

Meizu Zero smartfonidagi singari, «suv tomchisi»da ham so‘zlashuv dinamigi va oddiy dinamik o‘rniga Body Soundcasting texnologiyasi qo‘llangan. Smartfonning «choksiz» konstruksiyasi tufayli, ovoz displey orqali uzatiladi, mikrofon vazifasini ham ekranning o‘zi bajaradi. Darvoqe, AMOLED-ekranning o‘lchami diagonaliga 6,39 dyuymga teng, tasvir aniqligi bo‘lsa 2340x1080 pikselni tashkil etadi.

Smartfon korpusida ovozni balandlatish/pastlatish hamda qurilmani yoqish/o‘chirish tugmachalari yo‘q – ular o‘rniga bosishni sezuvchi maxsus sensor yuzalar mavjud. SIM-karta uyachasi ham ko‘zda tutilmagan – unda eSIM texnologiyasi qo‘llangan.

Mana, so‘zimiz so‘ngida Vivo Apex 2019 smartfoniga bag‘ishlab tayyorlangan videolavhani tomosha qilamiz:

Aytish kerakki, Vivo Apex 2019 – konseptual qurilma, uning bozorga (har holda, yaqin orada) chiqarilishini kutmay turganimiz ma’qul. Buning ustiga, Vivo kompaniyasi shunga o‘xshash texnologiyalarga ega boshqa bir yangi smartfonini MWC 2019 ko‘rgazmasida namoyish etmoqchi – sotuvga o‘shanisi chiqadi. Xullas, bu kompaniyadan hali yanada qiziq innovatsiyalar kutsak arziydi.

O‘QING: Kelajak smartfonlarida interfeys qanday ko‘rinishda bo‘ladi