Vivo narxi 100 dollarga bormaydigan yangi smartfon chiqardi

Vivo narxi 100 dollarga bormaydigan yangi smartfon chiqardi

Avgust oyida Y02s smartfonini chiqargandan so'ng, Vivo endi uning oddiy modeli – Y02 smartfonini taqdim qildi. Bir qarashda chiroyli ko'rinishidan smartfonni byudjet model deb bo'lmaydi.

Plastikdan yasalgan 163.99x75.63x8.49 mm o'lcham va 186 gramm og'irlikdagi smartfonning chetlari tekis qilib sayqallangan va tirnalishlarga chidamli orqa tomoni jilosiz rang bilan qoplanganligi bilan barmoq izlarini o'zida saqlamaydi. Orqa tomonda joylashgan kamera oroliga qaraydigan bo'lsak f/2.0 diafragmali 8 MP asosiy kamera va LED chiroqni o'z ichiga olgan.

Old tomonga o'tadigan bo'lsak, Y02 smartfoni 6.51 dyuymli HD+ (1600 × 720) LCD (IPS) ekranga ega. U Samsung "Infinity-V" deb ataydigan ramka dizayniga ega bo'lib, uning yuqori markazidan f/2.2 diafragmali 5 MP selfi kamera o'rin olgan.

Kapot ostida smartfon MediaTek'ning sakkiz yadroli chipsetida 2/3 GB operativ va 32 GB (microSD bilan 1 TB kengaytirsa bo'ladigan) doimiy xotira bilan Android 12 Go Edition'ga asoslangan Funtouch OS 12 operatsion tizimida ishlaydi. Qurilmaning 5,000 mA/soat sig'imli batareyasi bilan 18 soat tinimsiz HD videolar ko'rish mumkin. Agar batareya quvvati tugab qolsa, uni 10 Vt tezlikda quvvatlab olsa bo'ladi. Garchi smartfonda 3.5 millimetrli naushnik uyasi saqlab qolingan bo'lsa ham, unda barmoq izini aniqlash skaneri va NFC xususiyatlari mavjud emas. 

Vivo Y02 smartfoni "kosmik kulrang" yoki "moviy orxideya" ranglarida, quti ichida USB kabel, quvvat adapteri va ekran himoya plyonkasi bilan keladi. Smartfonga o'z texnik xususiyatlariga mos ravishda narx belgilangan: u 1.499.000 Indoneziya rupiyasida (yoxud 95 dollar/1,070,000 so'm) Indoneziyada sotuvga chiqarilgan.

O'QING: Bullitt va MediaTek dunyodagi ilk "sun’iy yo‘ldosh smartfonini" ishlab chiqarishadi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!