Vivo X90 Pro+ - Snapdragon 8 Gen2 chipli yangi kamerafon

Vivo X90 Pro+ - Snapdragon 8 Gen2 chipli yangi kamerafon

Vivo kompaniyasi X90 Pro+ smartfonini taqdim etdi. Kompaniya ushbu qurilmani “Bir dyuymli kamera sensorlarining qiroli“ deb atadi. Smartfon Sony'ning IMX989 sensoriga ega bo‘lgan birinchi qurilma emas, ammo boshqa gadjetlardan ajralib turish maqsadida Vivo sensorga bir necha o‘zgartirishlar kiritdi.

Birinchi kamera linzalaridan boshlaymiz. Linza yuqori sifatli shishadan ishlangan bo‘lib, plastik linzaga qaraganda u kamroq yorug‘lik dispersiyasiga uchraydi. Shuningdek, Ziess T* formulasi rasmning oqarib ketishi yoki xira bo‘lib qolishini oldini oladi.

Linza diafragmasi f/1.75 bo‘lib, u yanada ko‘proq yorug‘likni o‘tkaza oladi. Katta bir dyuymli IMX989 sensorini X80 Pro'ning 1/1,3 dyuymli sensori bilan solishtirganda 77% kattaroq fotosensitiv maydonga ega. 

X90 Pro+ ikkita telefoto kamera bilan jihozlangan. Birinchisi 64 megapikselli periskop linza bo‘lib, u bilan 3.5x optik va 100x raqamli zumga erishish mumkin. Bundan tashqari, 2x optik zumdagi yana bitta 50 megapikselli ikkinchi telefoto kamera ham bor. Yuqoridagi barcha uchta kamerada ham optik stabilizatsiya mavjud.

Ultrakeng kamera sifatida qurilmaga 114° ko‘rish maydoniga ega bo‘lgan 48MP IMX598 sensori o‘rnatilgan. Old tomonda esa 32MP selfi kamera joylashgan. Samrtfon 8K 30 kadrda videoga olishi mumkin. Shuningdek, Dolby Vision hamda LOG formatlarda 10 kadr/soniyada video olsa bo‘ladi. 

Kamera X90 Pro+ modelining yagona eng kuchli tomoni emas. Qurilma Qualcomm kompaniyasining eng kuchli Snapdragon 8 Gen2 chipi bilan jihozlangan. Chip 12GB tezkor hamda 256/512GB UFS 4.0 doimiy xotirasi bilan birlashtirilgan. Unumdorlik darajasini bir maromda ushlab turish maqsadida chipset ustiga 8,900 mm² sovutish qoplamasi o‘rnatilingan. 

Smartfon 1,440 x 3,200 piksel rezolyutsiyadagi 6.78 dyuymli displey bilan jihozlangan. Bu LTPO 4 AMOLED displey bo‘lib, uning ikki cheti yon tomonga qayrilgan bo‘ladi. Displeyning maksimal yorqinlik darajasi 1800 nit bo‘lib, u Dolby Vision funksiyasi hamda 120 gerts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Qurilma qora va qizil ranglarda taqdim etilgan. Ikkala rangdagi modelning orqa tomoni sun’iy charm bilan qoplangan. Smartfon suv va changdan himoya IP68 standartiga ega. Uning korpusi nisbatan qalinroq - 9.7 millimetr. Og‘irligi 221 gramm bo‘lsa-da, bu iPhone 14 Pro Max'dan yengilroq degani. 

Gadjet ikki qismga ajralgan 4,700 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Uni 80 vattda simli, 50 vattda simsiz quvvlash mumkin. Simli quvvatlashda smartfon 33 daqiqada to‘liq quvvatlanadi. 

Vivo X90 Pro+ smartfoni faqat Xitoy bozori uchun taqdim etildi. Qurilma 28 noyabr sanasida sotuvga chiqadi. Hozircha smartfonning xalqaro bozorga sotuvga chiqishi noma’lum bo‘lib qolmoqda. 

Qurilmaning Xitoydagi narxi esa quyidagicha:

12/256GB - 910 dollar

12/512GB - 980 dollar.

O‘QING: Galaxy A23 yangi xususiyat bilan taqdim qilindi! 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!