WannaCry virusidan hakkerlar qancha ishlagani ma’lum bo‘ldi

WannaCry virusidan hakkerlar qancha ishlagani ma’lum bo‘ldi

12 may kuni jahon miqyosida tarqalgan WannaCry tovlamachi-virusi 150 dan ziyod mamlakatda 200 mingdan oshiq internet foydalanuvchiga zarar yetkazib, o‘zining yaratuvchilariga $42 ming dollar ishlab bergan. Bu to‘g‘rida Yevropa politsiya agentligi — Europol xabar qilmoqda.

WannaCry 12 may kuni shiddat bilan tarqalib, qator davlat va nodavlat, oddiy fuqarolarning elektron qurilmalarini “qulflab” qo‘ygan. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Sog‘liqni saqlash vazirligi muassasalari, Ispaniyadagi yirik telekommunikatsiya kompaniyasi, Rossiya Ichki ishlar vazirligi hamda «Megafon» kompaniyasi virusdan jabrlangan.

Virus kompyuterga tushgach, undagi fayllardan foydalanishni cheklab qo‘yadi hamda o‘z “qurboni”dan 200 dollardan 600 dollargacha miqdoridagi mablag‘ni bitkoin raqamli valyutasida to‘lashni talab qiladi. Shu kunga qadar 23,5 bitkoinga teng bo‘lgan 110 taga yaqin pul to‘lovlari amalga oshirilgan. Ularning soni esa tobora oshib bormoqda. Sababi, 3 kun davomida to‘lov amalga oshirilmasa to‘lov summasi 2 barobarga oshadi va 7 kun muhlat beriladi. Agar shu davr orasida to‘lov qilinmasa, kompyuterdagi mavjud barcha fayllar o‘chirib yuboriladi.

Hakkerlar to‘lovni amalga oshirish uchun 3 ta bank hisob raqami ko‘rsatilgan bo‘lib, politsiya tomonidan bu hisob raqamlari nazorat ostiga olingan. Shu bois ham, jinoyatchilar to‘langan mablag‘larni yechib olishga harakat qilmayaptilar.

13 may kuni uni yo‘qotishga qarshi tayyorlangan maxsus domen yordamida virusni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishga erishilgan. Biroq, virus mualliflari tomonidan bu zararli faylning yangi — uni to‘xtatishga qaratilgan domenni taniydigan talqini tayyorlanib, Internet tarmog‘ida tarqatildi.

Britaniya maxsus xizmatining ma’lum qilishicha, jahon miqyosida WannaCry virusi zararlashi mumkin bo‘lgan Windows-kompyuterlari soni 1,3 million donaga yetadi. Bu hakkerlik ortida esa tashkillashtirilgan yirik jinoiy guruh turibdi.