WannaCry zarar yetkazgan davlatlar xaritasida O‘zbekiston ham bor

WannaCry zarar yetkazgan davlatlar xaritasida O‘zbekiston ham bor

Joriy yilning 12 mayida internet tarmog‘ida tarqalgan WannaCry zararli fayl ko‘rinishidagi virusi ko‘lamiga ko‘ra shu vaqtgacha aniqlangan eng yirik kiber tahdid sifatida baholanmoqda.

Kiber jinoyatchilar WannaCry virusi yordamida 24 soat davomida 100 ga yaqin davlatdagi 220 ming dona Windows kompyuterlaridagi ma’lumotlarni, fayllarni mashina o‘qiy olmas tilda shifrlab qo‘yib, uni asl holiga qaytarish uchun yirik miqdorda pul talab qilishgan.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirgacha bitkoin raqamli valyutasida 260 dan ziyod, 77 ming AQSh dollari miqdoridagi to‘lovlar amalga oshirilgan.

Bu to‘g‘rida AQSh prezidentining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Tom Bosset ma’lum qilgan. Shuningdek, uning aytishicha, jabrlanganlar tovlamachi so‘ragan mablag‘ni to‘lagan taqdirda ham, shifrlangan ma’lumotlar qayta tiklanmagan. Shu bois, ekspert hakkerlarga pul to‘lamaslikka chaqirmoqda.

Quyidagi xaritada jahonning deyarli barcha davlatlarida virusdan zararlanish holati qayd etilgan. Jumladan, unda O‘zbekistonda ham sanoqli shunday holat ko‘rsatilgan.

17 may kuni poytaxtimizda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri v.b. boshchiligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazirlik qoshidagi Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi direktori Zafar Rahmatullayev WannaCry tovlamachi virusidan zararlanish bo‘yicha biror murojaat qayd etilmaganini ma’lum qilgan edi.

 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!