WhatsApp’da uzoq kutilgan yangilanish: endi uni barmoq izi va yuz skanerlari orqali ham qulflay olasiz!

  •   DiMaX
  •  1159
  •  05.02.2019 10:18

WhatsApp’da uzoq kutilgan yangilanish: endi uni barmoq izi va yuz skanerlari orqali ham qulflay olasiz!

Dunyodagi eng ommaviy WhatsApp messenjerining iOS-ilovasi shu kunlarda yangilanib, qo‘shimcha himoyaga ega bo‘ldi. Ya’ni, mazkur kliyentni endi biometrik identifikatsiya orqali ochiladigan qilib qo‘yish mumkin.

O‘QING: WhatsApp’dan foydalaning. Telegram, Facebook Messenger va Google Allo’ga ishonch yo‘q!

Endi «tishlangan olmali» smartfonlar egalari WhatsApp ilovasining qulfini barmoq izi skaneri (iPhone 5S dan 8/8 Plus’gacha bo‘lgan modellarda) hamda qiyofa skaneri (iPhone X va undan keyingi modellarda) orqali ochiladigan qilib qo‘ya oladilar.

Mazkur messenjerda Face ID hamda Touch ID orqali himoyalanish uchun, uning sozlamalarida «Uchetnaya zapis», keyin esa «Konfidensialnost» bandlariga kirish hamda tegishli usuldagi blokirovkani faollashtirish lozim.

O‘QING: WhatsApp’da xabarlarni turli formatlarda yozishni o‘rganamiz

Eslatib o‘tamiz: garchi barmoq izi yoki qiyofa skaneri orqali qulflangan bo‘lsa-da, WhatsApp’ning bildirishnomalari va tezkor javob funksiyasi avvalgidek ishlayveradi. Ammo ilovadan to‘laqonli foydalanish uchun biometrik ma’lumotlar orqali shaxsni tasdiqlab kirish kerak bo‘ladi. Ya’ni, garchi birovning qo‘liga tushib qolgan smartfoningiz qulflanmagan bo‘lsa-da, undagi WhatsApp’ga o‘zingizdan boshqa hech kim kira olmaydi.

Aytish kerakki, bu funksiyalar hozircha WhatsApp’ning faqat iOS tizimi uchun ishlab chiqilgan kliyentidagina amal qiladi. Lekin yaqin orada Android-qurilmalar egalari uchun ham shu imkoniyatlar taqdim etiladi: bu platformada ham allaqachon uni sinab ko‘rishgan.

Darvoqe, mazkur messenjerni yuklab (yoki yangilab) olish uchun iPhone egalari mana bu havola orqali o‘tishlari mumkin.

O‘QING: WhatsApp’dagi maxfiy funksiya orqali suhbatdoshning joylashuvini kuzatsa bo‘ladi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!