WhatsApp, Facebook va Twitter Rossiyada 36 million rubl miqdorida jarimaga tortildi

WhatsApp, Facebook va Twitter Rossiyada 36 million rubl miqdorida jarimaga tortildi

Kecha Rossiyada WhatsApp, Facebook va Twitter rossiyalik foydalanuvchilar ma’lumotlarini mahalliylashtirish to‘g‘risidagi qonunni buzganliklari uchun jami 36 million rubl miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda Roskomnadzor matbuot xizmati xabar berdi.

O‘QING: Google 500 million yevro miqdorida jarimaga tortildi

2021 yil 26 avgustda Moskvaning Taganskiy tumani sudi Roskomnadzor tomonidan rossiyalik foydalanuvchilarining ma’lumotlar bazasini Rossiyada joylashgan serverlarga o‘tkazmagan Facebook hamda Twitter ijtimoiy tarmoqlari, shuningdek, WhatsApp messenjeriga nisbatan tuzilgan ma’muriy protokollarni ko‘rib chiqdi.

Natijada, sud WhatsApp messenjeriga 4 million rubl miqdorida jarima tayinladi. Bu WhatsApp messenjeriga solingan birinchi jarima. Ammo Facebook va Twitter mahalliylashtirish talablarini takroran buzganliklari uchun kattaroq 15 va 17 million rubl miqdorida jarimaga tortildi.

Roskomnadzor ta’kidlaganidek, 2020 yilda Facebook va Twitter ijtimoiy tarmoqlari allaqachon jinoiy javobgarlikka tortilgan va sud tomonidan har biriga 4 million rubl miqdorida jarima solingan. Facebook jarimani to‘ladi, lekin Twitter to‘lamadi.

Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun 2015 yil sentyabr oyida kuchga kirgan edi. LinkedIn ijtimoiy tarmog‘i Rossiyada uni bajarishdan bosh tortgani uchun bloklangan. Qizig‘i shundaki, rossiyalik foydalanuvchilarning ma’lumotlar bazalarini lokalizatsiya qilish talabi 2015 yildan kuchga kirgan, biroq qoidabuzarlik uchun javobgarlik faqat 2019 yilda tayinlangan.

Roskomnadzorning ta’kidlashicha, hozirgi kunga qadar rossiyalik foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari Apple, Microsoft, LG, Samsung, PayPal, Booking kabi xorijiy kompaniyalarning 600 ga yaqin vakolatxonalari tomonidan mahalliylashtirilgan.

Mahalliylashtirish to‘g‘risidagi qonunni buzganlik uchun kompaniyalar 6 million rublgacha, takroran buzilgan taqdirda 18 million rublgacha jarimaga tortiladi.

O‘QING: Android uchun ochiq kodli eng yaxshi 10 ta ilova

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!