WhatsApp foydalanuvchilari tez orada o'z xabarlarni yangicha ko'rinishda yuborishlari mumkin bo'ladi

WhatsApp foydalanuvchilari tez orada o'z xabarlarni yangicha ko'rinishda yuborishlari mumkin bo'ladi

Meta kompaniyasining ko'pchilikka tanish bo'lgan WhatsApp messenjerida siz boshqalar bilan matnli va ovozli xabarlar yoki video qo'ng'iroq orqali suhbatlashishingiz mumkin. Tez orada esa siz video xabar yuborish imkoniga ham ega bo'lasiz.

WABetaInfo veb-sayti iOS uchun WhatsApp ilovasida yashirin funksiyani payqab qoldi. Ma'lum bo'lishicha, bu video xabarlar yuborish funksiyasi bo'lib, u hatto beta versiya foydalanuvchilari uchun ham ochiq emas.

Yangi funksiya foydalanuvchilarga 60 soniyagacha bo'lgan qisqa videolar yuborish imkonini beradi. Videolar yumaloq shakl ichida bo'ladi, xuddi Telegram'dagidek. Ularni kamera tugmasini bosish orqali yozish va yuborish mumkin. Aytish kerakki, bunday qisqa video xabarlar o'zingizni oson ifoda etish, ayniqsa, kamerada nimadirni tezkor ko'rsatish kerak bo'lganida juda qo'l keladi.

Ta'kidlash joizki, Pavel Durovning Telegram messenjerida bunday yumaloq video xabarlar yuborish imkoniyati 6 yil avval, 2017-yilning may oyida chiqarilgan.

Video xabarlar end-to-end, ya'ni oxirigacha shifrlangan bo'lishi aytilmoqda. Bu shuni anglatadiki, hechkim, na WhatsApp, na Meta sizning videoyingizni ko'ra oladi va shu bilan birga uni saqlash yoki boshqaga jo'natishning imkoni bo'lmaydi, ammo skrinshot olsa bo'ladi.

Afsuski, yangi funksiya qachon chiqarilishi hozircha noma'lum.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!