WhatsApp orqali qo‘ng‘iroqlarni pulli qilishmoqchi!

  •   DiMaX
  •  502
  •  18.10.2019 16:47

WhatsApp orqali qo‘ng‘iroqlarni pulli qilishmoqchi!

Internet rivojlangan mamlakatlarda messenjerlar orqali ovozli hamda videoli qo‘ng‘iroqlar ommalashgan. Bunda faqat trafik uchun pul to‘lanishi bois, ayniqsa, chet eldagilar bilan muloqotda juda qo‘l keladi.

O‘QING: Markaziy Osiyo: qayerda qaysi messenjer ommalashgan?

Livan hukumati o‘z fuqarolaridan IP-telefoniya (VoIP) orqali amalga oshiriladigan qo‘ng‘iroqlar uchun qo‘shimcha yig‘im olishni rejalashtirdi. Yangi soliq hajmi kuniga 20 sentga teng bo‘lib, uning doirasiga FaceTime hamda WhatsApp kabi servislar tushadi, deb yozadi Reuters.

Internet-qo‘ng‘iroqlarga soliq solish, Livan hukumatining hisob-kitoblariga qaraganda, iqtisodiy qiyinchilikda qolgan ushbu mamlakat g‘aznasiga yiliga qo‘shimcha 200 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ tushiradi.

O‘QING: Telegram asoschisi Durov: «Nima uchun WhatsApp hech qachon xavfsiz bo‘la olmaydi?»

Tabiiyki, hukumatning ushbu rejasi livanliklarga umuman yoqmayapti. WhatsApp haqidagi yangiliklar resursi – WABetaInfo o‘zining rasmiy Twitter-sahifasida livanlik obunachilardan biri bilan bo‘lib o‘tgan yozishma skrinshotidan parcha e’lon qilgan. Foydalanuvchining so‘zlariga ko‘ra, bunday soliq sababli livanliklar aloqa xizmatlari uchun qo‘shimchasiga oyiga 6 dollar to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Livan o‘z fuqarolarining ommaviy noroziligi tufayli ushbu soliq rejasini to‘xtatib turibdi. VoIP uchun soliq joriy etilsa, aholi doimiy internet-qo‘ng‘iroqlardan voz kechishiga, mamlakatning ikkita telekom-operatori esa o‘z tarmoqlarida ovozli va videoli qo‘ng‘iroqlar uchun trafikni cheklashiga to‘g‘ri keladi.

O‘QING: Telegram, WhatsApp va Viber’dagi o‘z profillarimizni yangi telefon raqamimizga qanday o‘tkazamiz?