Wi-Fi parolini Windows tizimli kompyuter yoki noutbukda aniqlaymiz

  •   DiMaX
  •  8084
  •  15.07.2019 15:29

Wi-Fi parolini Windows tizimli kompyuter yoki noutbukda aniqlaymiz

Odatda uydagi yoki ishxonadagi Wi-Fi tarmog‘iga bir marta ulangach, paroli kompyuterimiz, smartfonimiz yoxud noutbukimizda saqlanib qoladi, o‘zimiz esa unutib yuboramiz. Biroq keyinchalik biror sabab bilan (masalan – mehmonga taqdim etish uchun) Wi-Fi paroli kerak bo‘lib qolishi mumkin...

O‘QING: Wi-Fi parolini Android-smartfon orqali aniqlasa bo‘ladi!

To‘g‘ri, agarda router qutisi o‘zingizda bo‘lib, undagi dastlabki parolni o‘zgartirmagan bo‘lsangiz – uni topish muammo emas. Shuningdek, router sozlamalari orqali ham Wi-Fi parolini aniqlash imkoni bor. Biroq Wi-Fi tarmog‘i o‘zingizniki bo‘lmasa, routerga kira olmasangiz, u holda tarmoq parolini boshqa yo‘llar bilan aniqlashga to‘g‘ri keladi.

Bugun sizlarga Wi-Fi tarmog‘ining parolini Windows tizimli kompyuter yoki noutbuklarda aniqlashning oson yo‘lini ko‘rsatmoqchimiz. Buning uchun avval o‘sha tarmoqqa ulangan Windows-qurilmangizda PowerShell dasturini yoki buyruqlar qatorini ma’mur (administrator) nomidan ochasiz. U yerga netsh wlan show profiles buyrug‘ini kiritib, «Enter» tugmachasini bosasiz. Shunda mazkur kompyuter (yoki noutbuk) qachonlardir ulangan barcha Wi-Fi tarmoqlarining nomlari ro‘yxat tarzida chiqadi. Ulardan keraklisining – ayni hozir parolini aniqlash zarur bo‘layotgan tarmoqning nomini eslab qolasiz yoki nusxalab olasiz.

Keyingi qadamda netsh wlan show profile name=TarmoqNomi key=clear buyrug‘ini kiritasiz; agarda bu nom ikki yoki undan oshiq so‘zdan iborat bo‘lsa, barchasini bitta qilib "Tarmoq nomi" tarzida qo‘shtirnoq bilan yozasiz. Buyruqni kiritib bo‘lgach «Enter» tugmachasini bossangiz, o‘sha tarmoqqa tegishli ma’lumotlar batafsil ko‘rsatiladi. «Parametri bezopasnosti» bo‘limidagi «Soderjimoye klyucha» qatorida esa aynan siz izlayotgan parol aks etgan bo‘ladi:

Ushbu usulning yaxshi tomoni shundaki, ayni damda o‘sha – paroli qidirilayotgan tarmoqqa ulangan bo‘lishingiz ham talab etilmaydi. Ishlatayotgan noutbukingiz yoki kompyuteringiz qachondir bir marta bo‘lsayam ulangan barcha Wi-Fi tarmoqlarining parollarini istalgan paytda shu yo‘l bilan aniqlay olasiz.

Darvoqe, Wi-Fi tarmog‘iga QR-kod orqali ulanish, Wi-Fi signalini yaxshilashning 5 ta ilmiy usuli, noutbuklarda Wi-Fi nuqta hosil qilgan holda o‘zaro ma’lumot almashish, turli brauzerlarda saqlangan parollarni ko‘rish yo‘llari hamda 2019 yilgi eng yomon parollar reytingi haqidagi maqolalarimiz ham sizga ma’qul kelsa kerak.

O‘QING: Bepul Wi-Fi nimasi bilan xavfli?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!