Windows 10’ga qarshi Windows 7: qay biri xavfsizroq?

  •   DiMaX
  •  2226
  •  26.03.2018 12:35

Windows 10’ga qarshi Windows 7: qay biri xavfsizroq?

Kiber xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi Webroot kompaniyasi o‘tgan yilgi ziyonkor dasturiy ta’minotlarning tarqalishi bo‘yicha hisobotini e’lon qildi. Undan ma’lum bo‘lishicha, keng tarqalgan Windows 7 hamda eng yangi Windows 10 talqinlari orasida xavfsizlik borasida ulkan farq mavjud ekan.

O‘QING: Himoya tizimidagi «tuynuk» sababli Windows 10 hujumlarga chidamsizdir

Webroot hisobotida bu borada, jumladan, shunday deyilgan:

«Garchi 2017 yili oldingi yildagiga nisbatan kamroq ziyonkor fayllar aniqlangan bo‘lsa-da, operatsion tizimlar kesimida qaralganida, raqamlar statistikasi hayratlanarli ko‘rinadi. 2017 yilda ziyonkor dasturiy ta’minot sifatida aniqlangan fayllarning umumiy miqdoridan faqat 15 foiz qismigina Windows 10 tizimli kompyuterlarda qayd etilgan. Viruslarning 63 foizi esa hozirgacha biznes uchun eng ommabop hisoblanib kelayotgan Windows 7 tizimli qurilmalarda aniqlangan. Windows 10 uchun har bir qurilmaga o‘rtacha 0,04 ziyonkor fayl to‘g‘ri kelsa, Windows 7 tizimi uchun bu ko‘rsatkich 0,08’ga teng».

O‘QING: Windows 10 uchun 7 ta ishonchli antivirus

Shuningdek, Webroot dokladida xabar qilinishicha, Windows 10 Home talqini Windows 7 Home talqiniga nisbatan naq ikki baravarga xavfsiz ekan. 2017 yilda oddiy foydalanuvchilar orasida Windows 10 tizimli qurilmalar uchun o‘rtacha 0,07 virus to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Windows 7’da ishlovchi kompyuterlarga o‘rtacha 0,16 virus, Windows XP tizimlilariga esa – 0,17 virus to‘g‘ri kelgan.

Bulardan tashqari, mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘tgan yilning boshida yuzdan oshiq mamlakatlarda 200 milliondan ziyod kompyuterni zararlagan WannaCry virusi Windows 10 tizimli kompyuterlarga umuman ziyon yetkazgan emas. Mazkur dasturiy ta’minotdan zarar ko‘rgan qurilmalarning mutlaq ko‘pchiligi Windows 7 tizimi boshqaruvi ostidagi kompyuterlar bo‘lgan.

O‘QING: WannaCry zarar yetkazgan davlatlar xaritasida O‘zbekiston ham bor

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!