Windows 10’da istalgan shaklda skrinshot olishning uchta oson usuli

  •   DiMaX
  •  9569
  •  09.12.2019 13:15

Windows 10’da istalgan shaklda skrinshot olishning uchta oson usuli

Deyarli barcha foydalanuvchilarda kompyuter yoki noutbuk ekranidan skrinshot olish uchun zarurat bo‘lib turadi. Biror matnga bezak sifatida qo‘shish uchun, texnik qo‘llab-quvvatlash markaziga yuboriladigan xatga kiritish uchun va hokazo.

O‘QING: iPhone’da yaxlit sahifaning uzun skrinshoti qanday olinadi?

Quyida sizga Windows 10 tizimli qurilmalarda turli skrinshotlar qilishning uchta oson usulini ko‘rsatib beramiz. Bulardan birinchisi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa-da, yangi imkoniyatlarini kashf etamiz; ikkinchi va uchinchisi hatto qiyshiq shakllarda ham ekran rasmini olish imkonini beradi. Buning uchun qo‘shimcha dasturlarning ham keragi yo‘q – kerakli funksiyalar tizimning o‘zida bor.

  1. «Print Screen» tugmachasi

Bu tugmacha istalgan klaviaturada bor, faqat joylashuvi sal farqlanishi mumkin. Shuningdek, tugmachada uning nomi turli shakllarda qisqartirilgan shaklda yoziladi: PrntScrn, PrtScn, PrtScr yoki PrtSc.

Bu tugmachani bosganda ekranning ayni soniyadagi holati rasmga tushirilib, almashtiruv buferiga olinadi. Keyin esa uni tasvirlar bilan ishlashni qo‘llab-quvvatlovchi har qanday dasturga, masalan, Word va Paint kabilarga ham Ctrl + V tugmachalar kombinatsiyasi orqali joylash mumkin.

Ayni shu tugmachaning yana bir imkoniyati mavjudligini ko‘pchilik bilmasa kerak. Agarda uning o‘zini emas, balki Alt + Print Screen tugmachalar kombinatsiyasini bossangiz, butun ekrandan emas, balki ayni paytda faol bo‘lib turgan dastur oynasidan skrinshot olinadi.

O‘QING: Android, iOS va Windows Phone’da skrinshot qilish

  1. «Qaychi» – «Nojnitsi» dasturi

Windows 10 operatsion tizimida aynan skrinshotlar bilan ishlash uchun joriy etilgan maxsus «Nojnitsi» ilovasi ham bor. Uni nomi orqali izlab chaqirish mumkin.

«Qaychi» ekranning istalgan joyidan, xohlagan shaklda tasvir olish imkonini taqdim etadi. Bundan tashqari, bu dastur yordamida skrinshotni faylga saqlash va keyin tahrirlash ham mumkin.

O‘QING: Chrome’da yaxlit sahifadan skrinshot olish

  1. «Snip & Sketch» dasturi

Windows’ning yana bitta standart dasturi; ruschada nomi birmuncha uzun – «Nabrosok na fragmente ekrana» bo‘lsa-da, foydasiyam undan qolishmaydi. Uning imkoniyatlari «Qaychi»nikidan ancha keng: ekranning har qanday joyidan o‘zingiz istagan shaklda rasm ola bilasiz. Keyin esa yakuniy tasvirni qirqish, marker, ruchka yoki qalam bilan belgilar qo‘yish/yozish mumkin.

Ushbu dasturni ham «Snip & Sketch» nomi orqali qidirib yoki Win + Shift + S tugmachalar kombinatsiyasini bosib chaqirish mumkin. Ikkinchi usulida kichkina jihozlar paneli chiqadi, uning yordamida istalgan shaklda skrinshot qilingach, almashuv buferiga olinadi.

Xo‘sh, sinab ko‘rasizmi?

O‘QING: Ruxsat berilmaydigan joylarda ham skrinshot olish yo‘llari bor!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!