Windows 10’da kompyuter va noutbukni tungi rejimga avtomatik o‘tadigan qilamiz

  •   DiMaX
  •  1089
  •  18.05.2019 12:44

Windows 10’da kompyuter va noutbukni tungi rejimga avtomatik o‘tadigan qilamiz

Xabaringiz borki, Windows 10 operatsion tizimida yorqin va to‘qrang (tungi) rejim mavjud, ammo ularning biridan ikkinchisiga o‘tish uchun «Personalizatsiya» parametrlariga kirish kerak. Biz esa ushbu ishni kerakli paytda o‘zi amalga oshiruvchi Auto-Night-Mode nomli utilitani tavsiya etmoqchimiz.

O‘QING: Windows 10’ning avtomatik yangilanishini osongina o‘chirib, megabaytlar va resurslarni tejaymiz!

Auto-Night-Mode hajmi juda kichkina bo‘lib, tezkor xotiradan deyarli joy olmaydi va fon rejimida biror jarayonni ishga tushirmaydi. Mazkur utilita Windows 10 tizimidagi rejalagichga kerakli sozlamani kiritib qo‘yadi, xolos – hammasi oddiy va oson.

Uning interfeysi ham o‘ta sodda va tushunarli bo‘lib, ilovani o‘rnatgach, uni ochsangiz o‘zingiz bunga amin bo‘lasiz. Dasturdagi «Enable automatic theme switching» bandiga belgicha qo‘yasiz, keyin esa yorqin hamda to‘qrang rejimga o‘tish vaqtlarini ko‘rsatasiz. Dastlabki sozlamalariga ko‘ra rejimlarning almashinish vaqti soat 07:00 va 19:00 qilib belgilangan. Siz esa ularni o‘zingizga ma’qul vaqtlarga tayinlaysiz, «Apply» tugmachasini bosasiz – bo‘ldi!

Bundan tashqari, Auto-Night-Mode dasturi interfeysida «Use Location Service» bandi ham mavjud – bunda rejimlar almashishining aniq vaqtini ko‘rsatish shartmas. Tizimning o‘zi sizning qayerda ekaningizga qarab, o‘sha yerdagi tong otishi va kun botishi vaqtlarida ekranni kunduzgi va tungi rejimlarga o‘tkazib qo‘yaveradi.

O‘QING: Windows 10’da kompyuterni avtomatik tozalanib turadigan qilamiz!

Va nihoyat, Auto-Night-Mode yordamida istalgan paytda kompyuteringizni tungi yoki kunduzgi rejimga tezkorlikda o‘tkazishingiz ham mumkin. Buning uchun ushbu utilitaning «Start» («Pusk») menyusidagi yoki vazifalar panelidagi belgichasiga sichqonchaning o‘ng tugmachasi bilan chertish va ochilgan kontekstdagi tegishli bandni tanlash kifoya – hech qanaqa sozlamalarga kirib o‘tirishning keragiyam yo‘q.

Auto-Night-Mode utilitasini yuklab olish uchun mana bu havola orqali uning GitHub’dagi sahifasiga o‘tasiz.

O‘QING: Internet foydalanuvchilari orasida mashhur bo‘lgan termin GitHub nima?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.