Windows 8.1 uchun hayot tugamoqda

Windows 8.1 uchun hayot tugamoqda

Microsoft keyingi oydan boshlab Windows 8.1 foydalanuvchilariga operatsion tizimni qo'llab-quvvatlash 2023-yil 10-yanvarida tugashi haqidagi bildirishnomalarni yuborishni boshlaydi.

Aslida Windows 8 uchun qo'llab-quvvatlash 2016-yilda yakunlangan, lekin Windows 8.1 versiyasi uchun hayot 2023-yilda tugaydi. Kompaniya Windows 7 mashhurligi sabab uning uchun qo'llab-quvvatlash yakunlanganda ham uch yil davomida kengaytirilgan xavfsizlik yangilanishlari yuborishi ma'lum bo'lgan edi, ammo, Windows 8.1 uchun bunday bo'lmaydi. Shunday ekan biznes egalari yoki operatsion tizimning yangi versiyasiga o'tishlari yoki xavfni qabul qilishlari kerak.

Microsoft o'zining Windows'ini zamonaviylashtirish va asosan sensorli qurilmalar, planshetlarga ishonib ular uchun original Windows 8 versiyasini chiqarganida kompaniya kompyuterda ishlashning klassik tajribasini yo'qotganligi va Start menyusi tugmasini olib tashlaganligi uchun juda qattiq tanqidga uchragan edi. Shundan keyin kompaniya o'z xatolarini tuzatish uchun ushbu Windows 8.1 versiyasini taqdim qildi, lekin shunga qaramay Windows 8 davri ko'pchilikda negativ taassurot qoldirdi.

Agar kompyuteringiz hali ham Windows 8.1 bilan ishlayotgan bo'lsa, kompyuteringiz tizim talablariga javob berishiga qarab Windows 10 yoki Windows 11 ga yangilanish tavsiya qilinadi. Ko'pgina Windows 8.1 kompyuterlari eski bo'lgani sabab Windows 11 talablariga javob berishi dargumon, shunday ekan Microsoft sizga yangi kompyuter sotib olishni taklif qiladi.

Albatta, qo'llab-quvvatlash tugagandan keyin ham siz Windows 8.1 dan foydalanishni davom ettirishingiz mumkin, ammo, bunda siz xavfsizlik tahdidlaridan ancha kam himoyalangan bo'lasiz.

O'QING: ApplePay tizimini O‘zbekistonda joriy etish taklif qilindi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!