Xaker ovlagan xaker haqida hikoya

Xaker ovlagan xaker haqida hikoya

1999 yilning 18 martida amerikalik xaker Kevin Mitnik tergov xulosalariga ko‘ndi va 23ta punkt bo‘yicha ayblovga rozilik bildirdi. Dong‘i ketgan saytbuzar jinoiy maqsadda masofadan turib kompyuterga kirganligi uchun qamalgan birinchi inson bo‘ldi. Biz Mitnikning tarjimai holiga nazar solamiz, zero uning hayoti gollivudcha kinoga tayyor ssenariy bo‘lishga arziydi.

...Oddiy oiladan chiqqan Mitnik soxtakor ishlarni boshlang‘ich sinfligidayoq avtobus yo‘l chiptasini yasashdan boshladi. 12 yoshida telefon avtomatlaridan bepul foydalana olardi. 16 yoshga to‘lganda esa maktab tarmog‘ini buzib kirdi. Bu ishni baholarni tekshirish uchun emas, azbaroyi qiziqqani uchun qilgan.

Kevin Mitnik keyinroq Los-Anjeles kompyuter markaziga o‘qishga bordi va do‘stlari bilan birgalikda kompyuter va telefon tarmoqlarini buzib kirishning piriga aylandi. Biroq do‘stlaridan biri bo‘lgan qiz Mitnikni sotib qo‘ydi va 17 yashar yigitcha shartli muhlat olib “sanatoriy”da o‘tirib chiqdi.

Xakerlik yo‘lida hormay-tolmaydigan Mitnikka bu jazo chivin chaqqanday ham bo‘lmadi va 1982 yilda u Pentagon tarmog‘i hamda Kolorado shtatining havo hujumidan mudofaa tizimlariga kirish yo‘lini topdi. Sal o‘tgach, Janubiy Karolina universitetining serverlarini buzdi, ular vositasida Digital Equipment kompyuter kompaniyasi tarmog‘iga qo‘l uzatdi. Kevin kompaniya kompyuterlaridan yangi operatsion tizimni yuklab oldi. Bu qilmishlarini payqab qolganlaridan keyin yana bir yilcha “dam olishi”ga to‘g‘ri keldi. Shundan 8 oyi bir kishilik kamerada o‘tdi.

Biroq u ozodlikka chiqishi bilanoq o‘zini jazolaganlarga qattiq hazil qildi: huquqni himoyalash organlarining kompyuterlaridan Kevin Mitnikning sudlanganligi haqidagi barcha materiallar “yo‘qolib qoldi”, ish olib borgan sudyaning bank hisobidagi pullari ham “nom-nishonsiz ketdi”.

Sutomu Shimamura

Mitnik, oxir-oqibat, shu darajaga yetdiki, bilim va tajribasini antixakerlarga yo‘naltira boshladi. 1994 yilda u kompyuter xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis Sutomu Shimomuraning kompyuterini buzib kirdi. Yapon bu ko‘rgilikni darhol payqamadi, chunki unda maxsus himoya tizimi bor edi. Payqagach esa shu tizim orqali noma’lum xakerni ovlashga kirishdi. Albatta, noma’lum xakerni tutishga bor aql-zakovatini ishga solgani shubhasiz, chunki bu uning kasbiga doir prinsipial masala edi. Federal qidiruv byurosi bilan hamkorlikda ishlab 1995 yilning 15 fevralida Kevin Mitnikni qo‘lga olishga erishdi.

Sutomu Shimamura FQBning ta’biri bilan aytganda eng xavfli xakerni qo‘lga olishni uddalagan edi.

Mitnik bu safar uzoqroq o‘tirdi. Ajablanarlisi, tajribali xakerning jazo muddatini uzaytirishga tez-tez yangi ayblovlar topilaverardi.

Ikki minginchi yilda Mitnik ozod etildi va faoliyatini butunlay qonuniy asosga qurdi. Eng xavfli tarmoqbuzardan xakerlar bilan kurashish bo‘yicha konsultantga aylandi. Ko‘plab kitoblar yozdi, shon-shuhratga burkandi. U haqda film suratga olindi. Shu bilan xakerimiz murod-maqsadiga yetdi.

(yuqoridagi rasmda o‘rtada Kevin Mitnik)

ferra.ru

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!