Xakerlar koronavirusdan foydalanib kompyuterlarga hujum qila boshlashdi!

  •   DiMaX
  •  4007
  •  03.02.2020 14:28

Xakerlar koronavirusdan foydalanib kompyuterlarga hujum qila boshlashdi!

Shu kunlarda butun jahon ahlining diqqat markazida bo‘lib turgan koronavirus epidemiyasi texnologik kompaniyalarga ham jiddiy zarar yetkazmoqda. Terabayt.uz bu to‘g‘rida bir nechta xabarlar e’lon qilgan.

O‘QING: Bill Geyts: «Dunyoni bioterror xavfi kutmoqda!»

IBM X-Force kompaniyasining kiberxavfsizlik mutaxassislari xabar berishlaricha, xakerlar shu ofatdan ham foydalanib qolish yo‘lini topishibdi. Ular go‘yoki koronavirus infeksiyalari va ulardan himoyalanish choralari haqidagi qo‘llanma ko‘rinishida tayyorlangan faylga kompyuter virusini joylab tarqatishmoqda.

TechRadar nashri xabariga ko‘ra, bu fayllar Microsoft Word yoki PDF formatli hujjat yoxud MP4-video ko‘rinishida niqoblangan. Nomiga qarab, faylni chindan ham bu virusdan himoyalanish qo‘llanmasi, deb o‘ylash mumkin. Ammo uning ichiga Emotet turkumidagi ziyonkor kodlar yashirilgan bo‘lib, ular kompyuter ustidan hukmronlikni to‘la o‘z qo‘liga oladi. Keyin esa foydalanuvchining undagi shaxsiy ma’lumotlari, login-parollari, brauzeri tarixi, maxfiy hujjatlari va hokazolarni xakerlarga jo‘natadi.

Hozirgacha bir necha ming kompyuter shu tur kiberhujumga uchragan; ilk qurbonlar esa Yaponiyaning Gifu, Osaka va Tottori shaharlarida aniqlangan. Ammo xakerlarning faoliyati yana kengayishi mumkin.

Bu borada «Kasperskiy laboratoriyasi» tahlilchisi Anton Ivanov shunday deydi:

«Asosiy yangilik sifatida keng muhokama etilayotgan koronavirus allaqachon kiberjinoyatchilar uchun “xo‘rak”ka aylanib bo‘lgan. Shu kungacha biz u bilan bog‘liq bo‘lgan 10 xil faylga duch keldik, ammo ular yanada ko‘payishi aniq».

O‘QING: Koronavirus qayerda qanchalik tarqalmoqda? Buni ko‘rsatuvchi onlayn servis ishga tushdi!