Xakerlar tarixda eng yirik miqdorda – 8,4 milliard parolni o‘marishdi! (+tekshirish uchun havola)

  •   DiMaX
  •  1337
  •  09.06.2021 10:53

Xakerlar tarixda eng yirik miqdorda – 8,4 milliard parolni o‘marishdi! (+tekshirish uchun havola)

Kiberxavfsizlik mutaxassislari xakerlar forumida hajmi naq 100 GB keladigan faylni aniqlashdi. «RockYou2021» nomli bu fayl tarixda eng yirik miqdordagi – naq 8,4 milliard dona parolni o‘z ichiga olgan, bu esa sayyoramiz aholi sonidan ham yuqori!

O‘QING: 2020 yilning eng yomon parollari ikkita ro‘yxatda

Aytish kerakki, 2009 yili ham o‘g‘irlangan parollar «RockYou» nomli faylda chiqqan. O‘shanda xakerlar ijtimoiy tarmoqlarning serverlari himoyasini buzib, foydalanuvchilarning 32 milliondan oshiq parollarini o‘marishgan.

«RockYou2021» fayli kamida 8,4 mlrd kombinatsiyani o‘z ichiga olganligini hisobga olsak, unda sizning parolingiz ham mavjud bo‘lishi ehtimoli yuqori. CyberNews portali buni tekshirib ko‘rishingiz uchun maxsus sahifa ochgan va unga mana bu havola orqali o‘tasiz. Maydonchaga o‘z parolingizni kiritib, «Check now» tugmachasini bossangiz, sahifa shu parolingiz o‘g‘irlangan yoki yo‘qligini ko‘rsatadi.

Ikkinchi tomondan, bu portalda o‘z parolingizni kiritishingiz ham o‘z shaxsiy ma’lumotingizni begona sayt bilan bo‘lishish hisoblanadi. Shu boisdan ham parolingiz o‘g‘irlanganini CyberNews portalida tekshirishga qaror qilsangiz, mas’uliyat o‘z zimmangizda ekanini eslatib o‘tamiz.

Bu borada akkauntingizni buzib kirishdan saqlash usullari, ishonchli parol yaratish yo‘llari, parolingizni buzish qanchalik osonligini onlayn tekshirish, parolingiz o‘g‘irlanganini tekshirib beruvchi Telegram-bot haqidagi yo‘riqnoma-maqolalarimizga ham nazar solishni tavsiya etamiz.

O‘QING: Ekspert eng oson buziladigan parol turlarini aytdi