Xalqaro Mobil Kongress 2022 tadbirda qanday smartfonlar taqdim etildi?

Xalqaro Mobil Kongress 2022 tadbirda qanday smartfonlar taqdim etildi?

Xalqaro Mobil Kongress (MWC) 2022 tadbirida bir qancha yangi smartfonlar taqdim etildi. Biz esa ushbu konferensiyada taqdim etilgan smartfonlar haqida so‘z yuritamiz. 

TCL 

Dastavval TCL smartfonlaridan boshlaymiz. TCL kompaniyasi TCL seriyasiga kiruvchi beshta yangi smartfonni taqdim etdi. TCL 30 5G modeli Dimensity 700 chipi, 6.7 dyuymli AMOLED displeyi, 50MP asosiy kamera hamda 18 vattda quvvat oluvchi 5,010 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Smartfon aprel oyida sotuvga chiqadi. Uning narxi 250 yevroni tashkil qiladi. 

Keyingi model TCL 30+ bo‘lib, uning narxi 200 yevrodan boshlanadi. Ushbu modelga ham 6.7 dyuymli AMOLED displeyi hamda 18 vattda quvvat oluvchi 5,010 mAs sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. Biroq u nisbatan kuchsizroq Helio G37 chipiga ega. 

Keyingi smartfon TCL 30 modeli bo‘lib, uning narxi va texnik ko‘rsatkichlari deyarli TCL 30+ qurilmasi bilan bir xil. 

Seriyadagi so‘nggi qurilmalar TCL 30 SE va 30 E. 30 SE modeliga 6.52 dyuymli LCD displeyi, Helio G25 chipi hamda 50MP asosiy kamera va unga qo‘shimcha ikkita kamera o‘rnatilgan. Uning narxi 150 yevroni tashkil qiladi. 

TCL 30 E ham Helio G25 chipi bilan jihozlangan. Biroq uning 3/64GB xotiraga ega bo‘lgan turi bo‘lafi holos. Ushbu model 140 yevro narxda sotuvga chiqadi. 

Nokia 

Nokia kompaniyasi konferensiya davomida uchta yangi smartfonni e’lon qildi. Ularning eng kattasi C21 Plus modeli bo‘lib, u HD+ rezolyutsiyadagi 6.5 dyuymli LCD displeyi, Unisoc SC9863A chipi va 4,000 mAs sig‘imli akkumulyator ega.

Nokia C21 modeliga ham C21 Plus ega bo‘lgan displey o‘rnatilgan. Biroq uning maksimal xotira hajmi 3/64GB ni tashkil etadi hamda kichikroq 3,000 mAs akkumulyator va bitta 8MP asosiy kameraga ega. Ikki smartfon Android 11 Go Edition tizimida ishlaydi. Ularning narxi haqida hech qanday ma’lumot berilmadi. 

Nokia X2 modeli esa eng arzon smartfonlar sirasiga kiradi. U 480x960 piksel rezolyutsiyadagi 5.7 dyuymli LCD displeyi, 5MP kamera hamda 2,400 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega. 

realme 

realme kompaniyasi GT2  va GT2 Pro modellarining global versiyasini ushbu tadbirda taqdim etdi. Ularning narxi mos ravishda 449 va 649 yevroni tashkil etadi. 

Xiaomi Poco 

Xiaomi subbrendi hisoblanuvchi Poco tadbir doirasida Poco X4 Pro 5G va Poco M4 Pro modellarini taqdim etdi. Ikkala qurilma ham AMOLED displeyi bilan jihozlangan. X4 Pro smartfoni 120Hz yangilanish chastotasini, M4 Pro esa 90Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. 

X4 Pro 5G modelining narxi 300 yevrodan boshlanadi. Unga Snapdragon 695 chipi, 108MP asosiy kamera, 67 vattda quvvat oluvchi 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. 

M4 Pro modelining narxi esa 220 yevrodan boshlanadi. Qurilma Helio G96 chipi, 50MP asosiy kamera va 33 vattda quvvat oluvchi 5,000 mAs akkumulyator bilan jihozlangan. 

Honor 

Honor o‘zining ikki yangi flagmanini e’lon qildi. Magic 4 va Magic 4 Pro modellari Snapdragon 8 Gen1 chipi, 6.8 dyuymli OLED displeyi (Pro modelda LTPO 2.0) 50MP asosiy va ultrakeng kameralarga ega. 

Oddiy modelga qaragan Pro model bir qancha ustunliklarga ega. Xususan, u 3.5x optik hamda 100x raqamli zumni qo‘llab-quvvatlovchi 64MP telefoto kamera hamda 100 vatt quvvatlash texnologiyasibilan jihozlangan bo‘lsa, oddiy modelga 66 vatt quvvatlash texnologiyasi va 8MP telefoto kamera o‘rnatilgan. 

Honor Magic 4 modelining narxi 899 yevro, Pro modelniki esa 1099 yevrodan boshlanadi. 

ZTE 

ZTE kompaniyasi Blade V40 va V40 Pro, V40 5G va V40 Vita modellarini taqdim etdi. V40 Pro modeli 6.67 dyuymli AMOLED displeyi, Unisoc T618 chipi, 64MP asosiy kamera, 65 vattda quvvat oluvchi 5,100 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega. V40 modeli esa 48MP asosiy kamera va 22.5 vatt quvvatlash texnologiyasiga ega. Qolgan ko‘rsatkichlar Pro modelniki bilan bir xil. 

Blade V40 5G modeli Dimensity 700 chipi, 6.67 dyuymli LCD displeyi va 22.5 vattda quvvat oluvchi 6,000 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lsa, V40 Vita modeliga esa 90Hz chastotada ishlovchi 6.75 dyuymli displey, Unisoc chipi hamda 22.5 vattda quvvat oluvchi 6,000 mAs akkumulyator o‘rnatilgan 

vivo

vivo kompaniyasi Dimensity 700 chipi, 6.51 dyuymli LCD displey hamda 18 vattda quvvat oluvchi 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator ega bo‘lgan Y33s smartfonini taqdim etdi. Uning narxi 205 dollarni tashkil qiladi. 

Lenovo 

Lenovo kompaniyasi Legion Y90 o‘yinbop smartfonni e’lon qildi. Qurilma 144Hz chastotada ishlovchi 6.92 dyuymli AMOLED displeyi, Snapdragon 8 Gen1 chipi, 68 vattda quvvat oluvchi 5,600 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega. Uning narxi 680 dollardan boshlanadi. 

Motorola 

Motorola kompaniyasi 90Hz chastotada ishlovchi 6.5 dyuymli LCD displey, 50MP asosiy kamera va 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator ega bo‘lgan 170 yevrolik Moto G22 modelini taqdim etdi. 

Samsung 

Koreyalik texnogigant Galaxy A13 4G, A23 4G, M23 va M33 byudjet sinfiga kiruvchi smartfonlarni taqdim etdi. A13 va A23 modellari bir-biriga o‘xshaydi. Misol uchun, ularga 6.6 dyuymli LCD displey, 50MP asosiy kamera va 25 vattda quvvat oluvchi 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. 

M23 hamda M33 modellari esa 6.6 dyuymli LCD displey va 50MP asosiy kameraga ega. Ikki qurilmani akkumulyatori hajmi ajratib turadi, ya’ni M23 modeli 5,000 mAs akkumulyator bilan, M33 esa 6,000 mAs akkumulyator bilan jihozlangan. 

O‘QING: iPhone SE 2022 modelining qanday rang va xotira hajmlarda taqdim etilishi ma’lum bo‘ldi 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!