«Xavfsiz shahar» ilovasida profilaktika inspektorining ishini baholay olasiz!

  •   DiMaX
  •  609
  •  29.03.2019 08:47

«Xavfsiz shahar» ilovasida profilaktika inspektorining ishini baholay olasiz!

O‘zbekistonda «Xavfsiz shahar» loyihasi ustida ishlar jadal olib borilmoqda. Toshkentda sinov tariqasida «Xavfsiz shahar» ilovasi ishga tushirildi, deb yozadi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

O‘QING: Toshkentdagi «Xavfsiz shahar»da sun’iy idrokdan foydalaniladi

Yangi ilova O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi, BMT Taraqqiyot dasturi, Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamkorligida ishlab chiqilgan. U mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf etish hamda jinoyatchilik darajasini kamaytirishga qaratilgan bo‘lib, uchta – o‘zbek, rus va ingliz tillarida ishlaydi.

«Xavfsiz shahar» («Bezopasniy region») ilovasi qator muhim funksiya va imkoniyatlarni o‘z ichiga olgan. SOS tugmachasi orqali shoshilinch xizmatlarni tezkor chaqirish shular jumlasidandir. Ushbu virtual tugmacha bosilganda, ilova foydalanuvchi turgan joyni aniqlaydi va unga eng yaqin ichki ishlar organi punktiga oid ma’lumotlarni taqdim etadi.

Bundan tashqari, ilovada gadjet sohibining yashash manziliga qarab profilaktika inspektorining ma’lumotlarini topish, uning ishiga baho berish va unga topshirilgan uchastkadagi faoliyati bo‘yicha izohlar qoldirish ham mumkin. Buning uchun gadjet sohibida mobil ilova o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. Ushbu ma’lumotlarning barchasi zarur choralar ko‘rish maqsadida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga yuboriladi. Chora ko‘rish uchun izohlardagi holatlar alohida ko‘rib chiqiladi.

«Xavfsiz shahar» ilovasida axborot berish funksiyasi ham mavjud. Masalan, unda yaqin oradagi ichki ishlar bo‘limini topish, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining rasmiy saytidagi so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish mumkin.

Mazkur ilova ishlashi jarayonida profilaktika inspektorlari to‘g‘risidagi ma’lumot to‘ldirib boriladi. Kelgusida loyiha yaratuvchilari uni butun O‘zbekiston bo‘ylab tarqatish va uning faoliyatini yanada takomillashtirishni rejalashtirishmoqda. Xususan, yaqin orada ilovaga eng yaqin patrul mashinani qidirish funksiyasi qo‘shiladi hamda ilova 102 tizimiga tatbiq etiladi. Bu yordam so‘rab murojaat qilgan fuqaroning turgan joyini yanada aniqroq aniqlash imkonini beradi.

Google Rlay katalogidan «Xavfsiz shahar» ilovasini mana bu havola orqali yuklab olish mumkin.

O‘QING: «Xavfsiz shahar» loyihasi butun O‘zbekistonni qamrab oladi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!