Xbox o‘yinlarini endi smartfon va planshetda o‘ynay olasiz!

  •   DiMaX
  •  1113
  •  07.06.2019 10:58

Xbox o‘yinlarini endi smartfon va planshetda o‘ynay olasiz!

Microsoft’ga aloqasi bo‘lmagan mustaqil dasturchilar OneCast nomli ilovaning beta-versiyasini ishga tushirishdi. Uning yordamida Xbox One pristavkasidagi o‘yinlarni mobil qurilmalarga striming qilish mumkin.

O‘QING: Microsoft disksiz Xbox One S All-Digital Edition konsolini taqdim etdi (+video)

OneCast dasturining beta-talqinini ishlab chiquvchining saytidan mana bu havola orqali yuklab olish mumkin. Ilova APK-fayl orqali o‘rnatiladi, shu bois smartfoningiz yoki planshetingizdagi sozlamalarga kirib, chet manbalardan (Google Play Market’dan tashqari) dastur o‘rnatishga ruxsat berishingiz lozim.

Xbox pristavkasidan o‘yinni OneCast yordamida mobil qurilmaga uzatish uchun bu ikki gadjet ham bitta Wi-Fi tarmog‘iga ulangan bo‘lishi lozim. Ushbu dastur Full HD sifatigacha bo‘lgan aniqlikda o‘yinlarni striming qila oladi. Bunda smartfon yoki planshetdagi o‘yinlarni Bluetooth yordamida ulangan Xbox One geympadi yordamida boshqarish mumkin. Ilova sozlamalarida turli konsollar uchun alohida-alohida profillar saqlash imkoni mavjud.

OneCast’ning to‘laqonli talqini qachon rasman taqdim etilishi hozircha noma’lum. Ma’lumotlarga ko‘ra, u demo-rejimda 14 kun mobaynida ishlay oladi, keyin esa to‘liq versiyasini bir martalik to‘lov orqali xarid qilish kerak bo‘ladi.

Beta-versiyadagi OneCast esa butunlay bepul ishlaydi, biroq ilovaning to‘laqonli relizi chiqqanidan so‘ng beta-talqini uzib qo‘yilishi ham mumkin. Yana bir jihati bor – Microsoft istalgan paytda bunday striming imkonini yopib qo‘yishi ham ehtimoldan xoli emas.

O‘QING: TOP-15: Eng ommabop o‘yin pristavkalari – PlayStation 4 atigi 6-o‘rinda!